Namangan viloyati Pop tumanidagi Chodak qishlog‘ida joylashgan 26-umumta’lim maktabida “Milliy kontent yaratish va sun’iy intellekt texnologiyalari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Namangan va Sirdaryo viloyati bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjumanda Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, ommaviy axborot vositalari xodimlari, sohaning yetakchi mutaxassislari va tajribali jurnalistlar ishtirok etishdi.

Tadbirda uyushma rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda ilgari surilgan ustuvor vazifalar, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasidagi xalqaro anjumanda muhokama qilingan masalalar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalarining ommaviy axborot vositalaridagi roli, milliy kontent yaratishdagi ahamiyati va ushbu jarayonda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar yuzasidan tahliliy mulohazalar bildirildi.

Anjumanda “Namangan International School” va “Namangan AI” maktablari asoschisi, O‘zbekiston Respublikasi Nodavlat ta’lim muassasalari assotsiatsiyasining Farg‘ona vodiysi bo‘yicha boshqarma rahbari Muhammad Elyor Yo‘ldoshev so‘zga chiqib, yosh avlodni sun’iy intellekt sohasida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, Jurnalistlar uyushmasi qoshida mazkur yo‘nalishda maxsus ta’lim muassasalarini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Namangan viloyati bo‘limi raisi Nosirjon Dehqonov va Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi Boyjigit Abdullayevlar ham anjuman mavzusi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildi.

Tadbir savol-javoblar, faol muloqot tarzida o‘tdi. Anjuman jarayoni davomida ishtirokchilar Chodak qishlog‘ining yuqori qismida joylashgan, “Chir-chir momo ko‘z yoshlari” nomi bilan mashhur bo‘lgan, buyuk mutafakkir Ahmad Yassaviy hazratlarining shajarasiga bog‘liq Ismoil Atoiy qadamjosiga ziyorat uyushtirishdi.
Anjuman yakunida esa ikki viloyat jurnalistlari o‘rtasida shaxmat va shashka musobaqalari o‘tkazildi.

Yozgi dam olish va kasbiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilgan mazkur tadbir so‘nggida faol ishtirok etgan jurnalistlar O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri