Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Bahrayn-2025”: vakillarimiz 9 ta sport turida raqobatlashadi
10:20 / 2025-10-23

Bahraynda davom etayotgan yoshlar o‘rtasidagi III Osiyo o‘yinlarining 23 oktyabr kungi bahslarida 15 sport turi bo‘yicha bellashuvlar o‘tkaziladi.

Unda O‘zbekiston delegatsiyasi sportchilari 3x3 basketbol, yengil atletika, boks, futzal, MMA, muaytay, ot sporti, triatlon va voleybol sport turlari bo‘yicha musobaqa g‘olibligi uchun bahslashadi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu musobaqada O‘zbekiston sport delegatsiyasi 5 ta oltin, 1 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida peshqadamlik qilmoqda. Indoneziya delegatsiyalari 1 tadan oltin va kumush medal bilan ikkinchi, Filippin esa 1 dona oltin bilan kuchli uchlikdan joy olgan.

Ma’lumot o‘rnida: 22 oktyabr kuni III Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur marosimda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbariyati va a’zolari ham ishtirok etdi.

Bahrayn mamlakatida o‘tayotgan o‘yinlar doirasida Osiyo Olimpiya kengashi Ijroiya qo‘mitasining 101-yig‘ilishi yuqori saviyada va samarali tarzda o‘tkazildi. Yig‘ilishda sport sohasini rivojlantirish, olimpiya harakatini yanada kengaytirish hamda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga doir qator masalalar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati Osiyo Olimpiya kengashi hamda Afrika Milliy Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiya vakillarining ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Unda sport va olimpiya harakati orqali Osiyo hamda Afrika mintaqalari o‘rtasida do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA