Bahrayn mamlakati mezbonlik qilayotgan yoshlar o‘rtasidagi III Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 14 ta oltin, 5 ta kumush va 9 ta bronzaga yetdi.
Kechagi bellashuvlarda Omadbek Otabekov (taekvondo WT, -63 kg), Asadbek Turdiboyev (muay-tay, U15, -51 kg), Muzaffar Norxo‘jayev (muay-tay, U17, -54 kg), Parizoda Talabova (yengil atletika, nayza uloqtirish) va Anastasiya Silchenkova (yengil atletika, 3000 metr) oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Asadbek Samandarov (taekvondo WT, -55 kg) kumush medal bilan taqdirlandi.

Boks bo‘yicha o‘tgan chorak final bahslarida Nazokat Mardonova, Qumriniso Muhammadova, Rushanabonu Isoyeva, Ulbosin Jalg‘asbayeva, Abdug‘ani Yorqinjonov zafar quchib, yarim finalga chiqdi.

Bugun, 27 oktyabr kuni musobaqaning 7 yo‘nalishida vakillarimiz bahslarga kirishadi.

Ma’lumot o‘rnida: III Osiyo o‘yinlarida Xitoy delegatsiyasi 34 ta oltin, 24 ta kumush va 11 ta bronza medal jamg‘argan holda umumjamoa hisobida peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, sportchilarimiz jami 28 ta medal bilan ikkinchi pog‘onada bormoqda. Tailand vakillari esa 13 oltin, 12 kumush va 5 bronza medal to‘plab, kuchli uchlikdan joy olgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA