Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda yurtimizda III xalqaro Naqshbandiya turizm festivali o‘tkazilmoqda. Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Hindiston, Suriya, Fransiya, Shveysariya, Portugaliya, Rossiya, Bangladesh va boshqa davlatlardan dunyoga mashhur olimlar, din, fan va jamoat arboblari, shuningdek, turizm sohasi vakillari ishtirok etayotgan tadbir qatnashchilari bugun Samarqanddagi aziz qadamjolar, tarixiy obidalar bilan tanishishda davom etdi.
Jumladan, festival ishtirokchilari Registon maydoni, Shohi Zinda majmuasida bo‘lib, ularning yaratilish tarixi, boy madaniy merosimiz, shuningdek, bugungi kunda usta hunarmandlarimiz tayyorlayotgan milliy mahsulotlar bilan tanishdi.
– Biz Naqshbandiya tariqati asoschisi Bahouddin Naqshbandni o‘rganish asonosida islom olamida, ilm-ma’rifat tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk shaxslarning hayoti, faoliyati haqida ham qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lyapmiz, – deydi indoneziyalik Muhibbul Tibri. – Shu paytgacha Imom Buxoriy, Az-Zamaxshariy, Al-Xorazmiy, At-Termiziy, Ibn Sino, Moturidiylarni o‘qiganmiz, o‘rganganmiz. Festival bahonasida islom olamida, ilm ahli o‘rtasida shuhrat qozongan ulug‘ zotlar bilan bog‘liq qadamjolarni ziyorat qilish nasib etganidan xursandmiz. Bizga shunday imkoniyat yaratgan tashkilotchilarga, O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildiraman.
[gallery-10695]
– Bangladeshda bir milliondan ortiq musulmonlar Naqshbandiya tariqatiga ergashadi, – deydi bangladeshlik festival ishtirokichisi Muddasir Ahmad. – Shunday ulug‘ zot yashab o‘tgan zaminga tashrif buyurganimizdan judayam xursandmiz. Ziyoratimiz davomida bu yurtda tug‘ilib, dinimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Kecha Imom Buxoriy ziyoratgohi bilan tanishgan bo‘lsak, bugun ilm-ma’rifat o‘chog‘i bo‘lgan tarixiy joylar, xususan, Mirzo Ulug‘bek madrasasida bo‘ldik. Umuman O‘zbekiston tuprog‘i dunyoviy, diniy ta’limotda ham ulkan iz qoldirgan buyuk zotlar kindik qoni to‘kilgan, qadami tekkan muborak zamin. Ularni o‘rganish, targ‘ib qilish zarur. Naqshbandiya festivali ham ushbu yo‘ldagi muhim tadbirlardan biri, deb o‘ylayman.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA