Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bahorni sog‘ingan yurtim
15:17 / 2023-03-01

Bugun bahorning ilk kuni. Qishning qahraton kunlari ortda qoldi. Bu yil xalqimiz har yilgidan ko‘ra bahorni, ko‘klamni orziqib kutdi. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatarkansiz, bu faslni barcha yaxshi ko‘rishiga, intiqib kutganiga yana bir bor guvoh bo‘lasiz.Tabriklar, bahor haqidagi she’rlar dillarga iliqlik ulashadi.

Bahorni juda sog‘indim.. Erta tongdan qizim Muslimaxon bahor haqida yozgan she’rining bu satrlarini yuragidan jo‘shib o‘qidi. Barchamizni to‘lqinlantirdi. Chunki u g‘urur bilan aytdi, bahor sog‘inchini qo‘shib, faxrlanib aytdi. Uning nigohlarida ko‘klamga intiqlikni, go‘zallikka oshuftalikni sezish mumkin edi o‘shanda. Qalbidagi o‘z go‘shasiga bo‘lgan mehrni, muhabbatni qo‘shib aytdi shu bir og‘iz so‘ziga.

Ha, qizimning aytganicha bor. Bahorning baribir tarovati, shukuhi boshqacha, Farg‘ona adirlari yashillikka burkanish arafasida. Erta tongdan quyosh mo‘ralab, oftob tafti zaminni qizdirmoqda. Bu harorat yerga, o‘t-o‘lanning bag‘riga singadi. Ana shunday kezlarda el dalaga oshiqadi.  

Bahorni kim ham sog‘inmaydi deysiz? U go‘zallik, orzu-umidlar fasli. Atrofga bir boqing. Borliq uyg‘onadi. Yasharish, yangilanish fasli boshlanadi. Hademay bo‘rtib qolgan kurtaklar qabo ochadi. Tilla tangalardek sochilgan momaqaymoqlar, ariq labida bo‘yga yetgan mastona yalpizlar ifori, shaddod shabbodaning mayin barmoqlari dilni entiktiradi. Bahor biz intiq va intizor kutgan, ko‘ngillarga shodumonlik, qalblarga surur, yuraklarga huzur bag‘ishlovchi ardoqli bayramimiz Navro‘zdan ilk mujda olib keladi. Chunki u bayramlari bilan yanada ardoqli.

Farg‘onaning bugun barcha joylarida ham ko‘klam qo‘shig‘i yangramoqda. Adiru cho‘llarda bahordan darak beruvchi boychechaklar bo‘y ko‘targan. Ayniqsa, qishloqlarning tarovati o‘zgacha.

Fayziyob qishloq ko‘chalaridan o‘tib borarkansiz, ajib hid dimog‘ingizga uriladi. Sumalak. Doshqozonda Navro‘z taomi pishirilmoqda. Yoshu qari shu yerda. Sumalakni kovlab, qo‘shiq aytishmoqda:

Lola gul alvon-alvon,

Sumalak yetmay qolgan

Bir umr qilar armon.

Har gal sumalak pishirganda, xalqimiz, eng avvalo, el-yurtga omonlik tilaydi, yaratgandan ekin-tikinga baraka so‘raydi. A yniqsa, yoshi ulug‘larimiz “ko‘klamga yetdik, shukr” deya duo qiladi.

 -Shu kunlarga yetkazganiga shukrlar bo‘lsin, – deya duoga qo‘l ochadi onam.  Bahorni juda sog‘indik.  

Ha, shunday dorilomon kunlarga yetganimiz uchun shukronalik hissiga to‘ladi ko‘ngillarimiz. Yurtimiz tinch. Dasturxonimiz to‘kin. Farzandlarimiz sog‘-salomat. Orzulari mo‘l, tilaklari bisyor xalqimiz ertangi kun umidi bilan, to‘y-tomoshalar istagi bilan yashayotgan vatandoshlarimiz Navro‘zga peshvoz chiqadi. Barchamizga bahor muborak bo‘lsin!

 

Ma’sudjon Sulaymonov,  

O‘zA