Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bahorgi mavsumda 30 ming tonnadan ko‘p pilla hosili olindi
12:51 / 2024-06-25

Ma’lumki, pillachilik qishloq xo‘jaligining eng serdaromad sohalaridan biri hisoblanadi. Xususan, ipak qurtining pillaga aylanishi, xomashyoning qayta ishlanib qo‘shimcha qiymat yaratilishi va uning eksporti bir daromad bo‘lsa, tutzorlar orasiga ekiladigan va pillakor ro‘zg‘origa sof daromad bo‘lib kiradigan ekinlar hosili alohida foyda hisoblanadi.

Ayni kunlarda mamlakatimizda pilla mavsumining bahorgi terimi nihoyalandi. Terimda faollik ko‘rsatgan hududlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, juda ko‘p kasanachilarimiz ulkan yutuqlarga erishdi.  

Jumladan, eng yuqori daromad olgan hudud Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani bo‘lib, tumanda 597 tonna tirik pilla xomashyosi yetishtirildi hamda 23,9 milliard so‘m qurt boquvchilarga to‘lab berildi.  

Eng yuqori hosildorlikka erishgan hudud esa Andijon viloyatining Baliqchi tumani bo‘ldi. U yerda 6 tonna 795 quti ipak qurti parvarishlanib, 502 tonna tirik pilla yetishtirildi. O‘rtacha har bir qutidan 73,9 kilogramm tirik pilla xomashyosi olindi.  

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi «Jig‘achi Omad Tuzkon» fermer xo‘jaligi tomonidan 75 quti ipak qurti parvarishlanib, 5 tonna 258 kilogramm tirik pilla xomashyosi yetishtirildi. Har bir kilogrammi uchun 50 ming so‘mdan jami 263 million so‘m pul mablag‘lari to‘lab berilib, ular eng yuqori daromad olgan fermer xo‘jaligiga aylandi. Hosil yig‘ish davomida eng yuqori daromad olgan kasanachi ham aniqlandi.  

Jumladan, Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida kasanachi Mehriniso Dilmurodova 18 quti ipak qurti parvarishlab 1 tonna 100 kilogramm pilla xomashyosi yetishtirdi – 44 million so‘m daromadga ega bo‘ldi. Eng yuqori hosildorlikka erishgan Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi «Toji momo o‘g‘li Bekmurod» fermer xo‘jaligi tomonidan 7 quti ipak qurti parvarishlab, 738 kilogramm hosildorlikka erishdi.  

Shuningdek, Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi kasanachi Zuhro Amanova eng yuqori hosildorlikka erishdi – 1 quti ipak qurti parvarishlab, 126 kilogramm hosildorlik oldi.

Shunday qilib, respublikamiz bo‘ylab bahorgi mavsumda 30 ming 116 tonna ho‘l pilla hosili olindi. Endilikda kuzgi mavsumga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA