English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bahorgi dala ishlariga tayyorgarlik qizg‘in
11:27 / 2024-02-09

Qishloq xo‘jaligi sohasi iqtisodiyotning eng muhim tarmog‘idir. 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham ushbu sohani keyingi 5 yillikda jadal rivojlantirish istiqbollari belgilab berilgan.

Xususan, qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sishini kamida 5 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.  

AOKAda “O‘zagroinspeksiya” axborot xizmati rahbari Xolida Shodiyeva ishtirokida o‘tkazilgan brifingda bahorgi mavsumga tayyorgarlik ishlari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.  

Mutaxassisning ta’kidlashicha, respublika bo‘yicha bu yilgi bahorgi dala ishlarida jami 136 ming donadan ortiq qishloq xo‘jaligi texnikasi jalb etilishi rejalashtirilgan. Mavsumda qatnashadigan texnikalarning qariyb 57 ming donadan ortig‘i yoki 42 foizi so‘nggi 5 yilda harid qilingan zamonaviy, yuqori unumli qishloq xo‘jaligi texnikalaridir.  

Qayd etilishicha, texnikalarning mavsumga tayyorgarlik ishlari ustidan nazorat o‘rnatilib, ta’mirlash ishlarini sifatli tashkil etish bo‘yicha joylarda tegishli amaliy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda. Hududlarda texnikalarni markazlashgan holda ta’mirlash ishlari tashkil etildi. Mavsumda qatnashadigan texnikalar ta’miri o‘tgan yilga nisbatan 15-20 kun ertaroq yakuniga yetkazildi. Inspeksiya tomonidan mavsumda faqatgina soz holatdagi texnikalarning qatnashishi nazoratga olinmoqda.    

Shuningdek, hududlarda 2024 yil hosili uchun 1 million 169 ming 775 gektar suvli maydonda boshoqli don ekinlari parvarish qilinmoqda. G‘alla maydonlarida bugungacha qariyb 2 marta sug‘orish ishlari amalga oshirildi. Hududlardagi g‘allani qishlovga tuplagan holda kirishini ta’minlash maqsadida kuz oylarida g‘alla maydonlari gektariga (fizik holda) 100-150 kg.dan azotli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirildi va hududlarda g‘allani azotli o‘g‘itlar bilan bahorgi 1-oziqlantirish ishlari boshlab yuborildi.  

Bugungi kunga qadar 81 ming gektar yoki 7 foiz g‘alla maydonida oziqlantirish ishlari amalga oshirildi. G‘alla maydonlariga gektariga 3 tonnadan mahalliy o‘g‘it chiqarish belgilangan bo‘lib, bugungi kungacha joylarda fevral oyi uchun 413 ming 660 tonna yoki 12 foiz mahalliy o‘g‘it chiqarildi.    

Joriy yil paxta hosili uchun urug‘lik chigitni ekishga tayyorlash yuzasidan ham bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, ayni kunlarda mamlakatimizda urug‘lik chigitni tozalash-saralash, tuksizlantirish hamda qishloq xo‘jalik ekinlarining kasallik va zararkunandalarga qarshi dorilash ishlari qizg‘in pallaga kirgan. Mazkur tadbirlarni davlat standarti talablari asosida o‘z muddatlarida bajarilishi joylardagi Agroinspeksiyaning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan to‘liq nazoratga olingan. Alohida qayd etish lozimki, respublika bo‘yicha jami 2024 yil hosili uchun 1 million gektar maydonda g‘o‘za navlari ekish rejalashtirilgan bo‘lib, ekish uchun 50 ming tonna urug‘lik chigit talab etiladi.  

G‘o‘za navlarining iqlim sharoitiga mos 22 ta ertapishar, 3 ta o‘rtapishar, 4 ta ingichka tolali hamda 24 istiqbolli va yangi navini ekish rejalashtirilgan. Respublika bo‘yicha mavjud 46 ta urug‘lik chigit tayyorlash sexi to‘liq ishlashi uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilgan.  Urug‘lik chigitlarni qadoqlash uchun yetarli miqdorda qop va yorliqlar, kimyoviy preparatlar zaxirasi yaratilgan. Mavsum boshidan rejaga nisbatan 45,5 ming tonna yoki 81,3 foiz urug‘lik chigit tozalanib, saralangan va bu ishlar davom ettirilmoqda.  

Mavsum davomida joylarda g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi yuzasidan 108 ta profilaktik tadbirlar, 189 ta tekshirishlar amalga oshirildi.  Ushbu tadbirlar davomida 228 ta kamchilik aniqlanib, mavjud muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha 73 ta ogohlantirish, 145 ta yozma ko‘rsatma, 61 ta taqdimnoma berildi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA