English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bahorgi agrotexnik tadbirlar o‘tkazilmoqda
16:29 / 2024-04-13

Boshoqli don ekinlarining naychalash hamda boshoqlash bosqichlaridagi parvarishini o‘z vaqtida amalga oshirish yuqori va sifatli don hosilini yetishtirishni ta’minlaydi.

Bu yilgi bahorning seryog‘in kelishi g‘alla maydonlarida begona o‘tlar ko‘payishi, kasallik va zararkunandalar ko‘proq tarqalishiga olib kelishi hamda hosilga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

– Naychalash davrida kuzgi bug‘doyning vegetativ organlari erta bahorgi holatga nisbatan jadal rivojlanishi kuzatiladi, – deydi Karmana tumani o‘simliklar karantini va himoyasi fitosanitar nazorat davlat inspektori Mohichehra Mo‘minova. – Bu davrda yillik azotli o‘g‘it me’yorining 45-50 foizi, ya’ni fizik holda 300-320 kg/ga miqdorida 2-oziqlantirish ishlari o‘tkaziladi. G‘allazorlardagi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda navlarning biologik kelib chiqishini hisobga olgan holda, xususan, ertapishar navlarni, o‘rta va o‘rta kechpishar navlarga nisbatan 7-10 kun ertaroq oziqlantirish hamda sharbat usulida sug‘orishni tashkil qilish talab etiladi. Ko‘p yillik kuzatuvlarga ko‘ra, erta ekilgan g‘alla navlari aprel oyining ikkinchi o‘n kunligida boshoqlash davriga kiradi.

2024-yil hosili uchun Karmana tumanida 7700 gektar maydonga bug‘doy urug‘i ekilgan. Ayni kunlarda tuman o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi mutaxassislari g‘alla maydonlarida kunlik fitosanitar nazorat ishlarini o‘tkazib, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan agrotexnik tadbirlar to‘g‘risida o‘zlarining tegishli tavsiyalarini berishmoqda.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri