Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida yangi ish o‘rinlari yaratish, ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida qish faslining oxirgi oylari, bahorning ilk kunlarida ularning ko‘plariga yer ajratib berilgan edi.
Hududlardagi fermer xo‘jaliklari dala maydonlaridan yer olib, dehqonchilik qilgan yoshlar bugun o‘z hosillarini yig‘ishtirib olmoqdalar.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlagan ana shunday fermer xo‘jaliklaridan biri “Ozoda aya Rajabgardi” xo‘jaligida ayni kunlarda ish yanada qizg‘in. Bu yerda yoshlarning ba’zilari o‘z ekkan-tikkanlaridan hosil ko‘tarayotgan bo‘lsalar, ba’zilari so‘nggi parvarish ishlari bilan band.
Dalada yoshlar ekkan mosh, loviya, kartoshka, sabzi, lavlagi, pomidor, qalampir va bulg‘or qalampirlari yaxshi hosil qildi. Ayrimlari yaxshi daromad olish uchun hattoki xrizantema gullarigacha ekishgan.
- Fevralning o‘rtalarida atrof qishloqlardagi 23 nafar ishsiz yoshlarning har biriga 20-25 sotixdan yer maydoni ajratib berildi. Mehnatlari natijasini ko‘rib, biz ham benihoyat quvonyapmiz. Hoxlovchilarga birinchi hosilini yig‘ishtirib olgandan so‘ng ikkinchi ekinni ekishlariga ham imkoniyat berganmiz, — deydi fermer xo‘jaligi rahbari Ixtiyorjon Meliyev.
Fermerning qo‘shimcha qilishicha, davlatimiz rahbarining tashabbusiga ko‘ra, yangi tartib asosida shu kungacha yana 40 dan ortiq fuqarolarga 15 gektar yer maydoni ikkilamchi shartnoma asosida ajratib berilgan.
- Berilgan imkoniyatdan unumli foydalanib, fermerning 20 sotix yeriga kartoshka ekkan edim. Yaxshigina hosil oldim. Kartoshkani yig‘ishtirib bo‘lib, ikkinchisiga mosh ekaman, — deydi “Yoshlar daftari”dagi qayquobodlik Shohsanamxon Inomova.
Tumandagi ko‘plab fermer xo‘jaliklari dala maydonlarida ishli bo‘lgan yoshlar bugun ana shunday halol mehnatlarining mevasini tatib ko‘rmoqdalar.
M. Sulaymonov, O‘zA