Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bahor mavsumida 9,6 million tupga yaqin ko‘chat va buta qalamchasi ekiladi
15:25 / 2024-04-02

Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Andijon viloyatida ko‘chat ekish, yashil hududlarni barpo etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Joriy yilda viloyatda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida jami 15 million 400 ming tup daraxt ko‘chati va buta qalamchasi ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 9 million 578 ming tupi bahor mavsumida ekilishi ko‘zda tutilgan.  

– Loyiha doirasidagi ishlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish maqsadida Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasida viloyat shtabi hamda tuman, shahar hokimliklarida ishchi guruh va shtablar tashkil etildi, – deydi boshqarma boshlig‘i Azizbek Akbarov. – Bundan tashqari, ko‘chat ekish tadbirlarini sifatli o‘tkazish maqsadida viloyat bo‘yicha 32 nafar mutaxassis jalb qilindi. Ular zarur vositalar – 32 ta planshet, bitta uchuvchisiz uchish qurilmasi, 16 ta “vlagomer” jihozi bilan ta’minlandi.  

Bugungi kunga qadar hududlarda ko‘chat ekish ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha 16 ta amaliy va ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi. Shuningdek, ko‘chatlar narxlarining barqarorligini ta’minlash maqsadida barcha tuman va shaharlarda o‘rmon xo‘jaliklari hamda ko‘chatchilik bilan shug‘ullanuvchi xo‘jaliklar jalb etilgan holda 20 dan ortiq savdo nuqtasi, ko‘chat savdosi bo‘yicha yarmarkalar tashkil etildi.  

[gallery-16728]

Shu kunlarda viloyatning barcha tuman va shaharlarida aksiyalar, turli tadbirlar doirasida ko‘chat ekish ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Natijada yangi bog‘lar, daraxtzorlar, yashil hududlar barpo etilmoqda. Hozirga qadar viloyat bo‘yicha 9 million 180 mingdan ziyod yoki belgilangan rejaga ko‘ra, 95 foiz ko‘chat va butalar ekib bo‘lindi. Qarag‘ay, pavloniya, archa singari manzarali hamda ko‘plab turdagi mevali daraxt ko‘chatlari va buta qalamchalari asosan, mahalla, korxona va tashkilotlar hududlari, yo‘llar, fermer xo‘jaliklari dala maydonlarining chetlari hamda aholi xonadonlariga o‘tqazildi.  

Ekilgan ko‘chatlarning qariyb 8 million 850 mingtasi shahar va tuman hokimliklarida tashkil etilgan shtablar a’zolari tomonidan “Yashil makon” elektron platformasiga kiritildi.  

Joylarda ko‘chat ekish ishlari davom etmoqda.  

F. Ubaydullayev,  

Z. Umrzoqov (surat),  

O‘zA muxbirlari