Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bahor iforiga yo‘g‘rilgan mehr
16:52 / 2026-03-05

Bahor bayramlari bizning xonadonda bo‘lakcha nishonlanadi. Bahor faqat tabiatning uyg‘onishi emas, balki oilaviy mehr-oqibatning yangilanish fasli sifatida kirib keladi. Bahor nafasi bilan birga uyimizga qo‘shaloq bayram tashrif buyuradi. Boisi, otam oltinchi mart kuni tavallud topganlar.

Shu bois, martning ilk kunlaridanoq opa-singillarimning qo‘llari-qo‘llariga tegmaydi. Oshxonadan ko‘k somsa va ko‘k chuchvaralarning isi anqiy boshlaydi. Dasturxonimiz bahoriy ne’matlar bilan bezalib, go‘yo uyimizga bahorning o‘zi mehmonga kelgandek bo‘ladi. 

Xonadonimizga yangi kelin tushgach, otam yillar davomida shakllangan an’anaga kutilmagan o‘zgartirish kiritdilar.

– Kelinim sakkizinchi martda tug‘ilgan ekan. Bundan buyon bayramni sakkizinchida, birgalikda nishonlaymiz, – dedilar.

O‘sha kun ham sakkizinchi mart edi. Dasturxon har galgidan ham fayzli, noz-ne’matlarga to‘la. Opa-singillarim birin-sirin dasturxon atrofida yig‘ilishdi. Quvonchli lahzalar ustiga kelinimizning ukasi ayoli bilan tabriklagani kelib qoldi. Davra suhbat va kulgi bilan avjiga chiqqan mahal otam barchani tabriklash uchun so‘z oldilar. So‘ng o‘z odatlariga ko‘ra, besh qiz va bir kelin uchun alohida tayyorlangan sovg‘alarni ulasha boshladilar.

Shu payt volidamning ziyrakliklari hammani lol qoldirdi. Onam sezdirmay yana bir qo‘shimcha sovg‘ani otamga uzatdilar. Otam hayron bo‘lib onamga qaraganlarida, onam yuzlarida nim tabassum bilan:
– Adasi, bugundan boshlab qizlaringiz, kelinlaringiz safi yana bittaga ko‘paydi. Bu sovg‘ani qudamizning kelinlariga o‘z qo‘llaringiz bilan berasiz-da...

Bu gapdan so‘ng davraga bir lahza jimlik cho‘kdi. Bu – hayrat va ehtirom jimligi edi. Otam onamning bu qadar hushyor va oqilaliklaridan mamnun bo‘lib, sovg‘ani mehmon kelinga topshirdilar.

Bahor faqat gullar va taomlar bilan emas, balki mana shunday kichik, ammo, yurakka yetib boruvchi e’tibor va mehr bilan go‘zal ekanini yana bir bor angladik. Oilamizning fayzi bo‘lgan onalarimiz bor bo‘lishsin!

Asror Sulaymonov, O‘zA.