Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bahonalar ro‘kach qilgan “Samsung” markazi, o‘z vaqtida qurilmagan uy va chala qolgan issiqxona...
19:15 / 2021-03-18

Toshkent shahrida yashovchi Chilonzor tumanida yashovchi fuqaro Yuliya Semyanova tomonidan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 1091 ishonch telefoni orqali murojaat kelib tushdi.

Iste’molchi o‘z murojaatida Toshkent shahri Yunusobod tumani Amir Temur ko‘chasida joylashgan “Samsung” servis markaziga telefonini ta’mirlash uchun qoldirib, oldindan 2 993 000 (Ikki million to‘qqiz yuz to‘qson uch ming) so‘m to‘lov qilgan, biroq oradan ancha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, haligacha ta’mirlab berilmagani, sababi so‘ralganda turli bahonalar ro‘kach qilinganini aytib o‘tgan.

Mazkur murojaat o‘rganilishi natijasida, iste’molchiga to‘lov qilingan 2 993 000 (Ikki million to‘qqiz yuz to‘qson uch ming) so‘m mablag‘ iste’molchiga qaytarilishiga erishildi.

Shuningdek, Namangan viloyati Chortoq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro O‘.F tomonidan kelgan murojaatda iste’molchi Chortoq tuman "Do‘stlik" MFY hududida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan olish uchun «Arxitekt Qurilish MCHJ»ga 25 mln. so‘m mablag‘ to‘lagani, biroq uy qurilishi o‘z vaqtida bitmagani sababli to‘langan mablag‘ni qaytarib olishda amaliy yordam so‘ragan.

Mazkur murojaat o‘rganilishi natijasida iste’molchiga 25 mln. so‘m pul mablag‘ undirib berildi.

Yana bir murojaat Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro A.A. tomonidan kelgan bo‘lib, unda iste’molchi, 2019 yil iyun oyida ta’minotchi bilan issiqxona qurdirish uchun shartnoma tuzgan. Tadbirkor kelishilganidek issiqxonani qurib bergan, biroq uning ustki qismini plyonka bilan yopib bermagan. Fuqaroning qayta-qayta murojaat qilishiga qaramay, turli xil bahonalar bilan hozirgi kunga qadar o‘zini paysalga solib kelayotganini aytib o‘tgan.

Mazkur murojaat Federatsiyaning Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tuman jamiyati tomonidan o‘rganilishi natijasida joriy yilning 2 mart kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chust tumanlararo sudida ko‘rib chiqildi hamda tadbirkordan iste’molchi foydasiga 5 mln. 480 ming so‘m undirish bo‘yicha sud hukm o‘qidi.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini 

himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati