Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Bahodir Yo‘ldoshev: teatr odam" nomli hujjatli filmning taqdimoti o‘tkazildi
20:19 / 2025-09-09

Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoniga binoan mamlakatimizning bir guruh adabiyot, madaniyat va san’at fidoyilari qatori ustoz san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshevning "Do‘stlik" ordeni bilan mukfotlanishi yurtimizda milliy madaniyatimiz ravnaqiga ko‘rsatilayotgan cheksiz e’tiborning yana bir yorqin va amaliy namunasi bo‘ldi.

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi asosida mamlakatimizda ustoz san’atkor, mohir rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev tavalludining 80 yilligi keng nishonlanmoqda.

Poytaxtimizdagi "Renessans" kino uyida O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi hamda O‘zbekiston kinoarboblari uyushmasi hamkorligida tasvirga olingan "Bahodir Yo‘ldoshev: teatr odam" nomli hujjatli filmning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Premeraga madaniyat va san’at namoyandalari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, teatr, kino sohasi fidoyilari, ijodkor yoshlar taklif etildi.

[gallery-25251]

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov, O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi bosh direktori, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev, O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyev, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam va boshqalar ustoz ijodkor Bahodir Yo‘ldoshevning serqirra faoliyati, ibratli fazilatlari xususida so‘zladilar.

– Biz shunday insonlar bilan zamondosh bo‘lganimizdan faxrlanamiz, – dedi Kinematografiya agentligi bosh direktori Shuhrat Rizayev. – Bahodir aka barchamiz uchun tugallanmagan kitob, biz oxirigacha yetib anglamagan tilsim bo‘lib qoldi. Bu uning buyuk, mukammal ijodkorligi bilan bog‘liq. Ushbu tadbirga kelgan har bir inson Bahodir aka haqida juda yorqin xotiralarni eslashi, so‘zlashi tabiiy. Mazkur filmni yaratishni yosh ijodkorlarga ishondik. Sababi Bahodir Yo‘ldoshev shaxsiyatiga bugungi zamon, yangi zamon yoshlari nigohi bilan qarash g‘oyat muhim masala.

– Bahodir Yo‘ldoshevni yozmaydigan yozuvchi, deyish mumkin, – dedi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam. – O‘zi yozmasdiyu, lekin Xurshid Davron, Usmon Azim, Abduqayum Yo‘ldoshev kabi ijodkorlarni asar yozishga da’vat etardi. Shular qatorida mening ham Bahodir akaning turtkisi bilan yozgan asarim sahna, kino asari bo‘lgan, e’tiroflarga munosib topilgan. 

Darhaqiqat, Bahodir Yo‘ldoshev – teatr odam edi. U milliy ma’naviyatimiz, adabiyotimiz, san’atimizga beminnat va halol xizmat qilgan, millionlab insonlar qalbiga ma’rifat, ezgulik yog‘dusini ulasha olgan zahmatkash, fidoyi ijodkor edi. 

"Bahodir Yo‘ldoshev: teatr odam" nomli hujjatli film ayni shu jihatlarni ochib berishi bilan diqqatga sazovor. Ushbu hujjatli kartina O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda yaratilgan. Ssenariy muallifi – Murodjon Turdiyev, rejissyorlar – Anvarjon Hamroqulov, Murodjon Turdiyev. Hujjatli film muvaffaqiyatida operatorlar, ovoz rejissyorlari, muharrirlardan iborat katta ijodiy jamoaning xizmatlari beqiyos. 

"Bahodir Yo‘ldoshev: teatr odam" nomli hujjatli film tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. 

Nazokat USMONOVA, 

O‘zA muxbiri