Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bahodir Jalolovga viloyat hokimligi tomonidan sovg‘alar berildi
15:30 / 2021-08-19

Termiz shahrida Tokioda bo‘lib o‘tgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida sportning boks turi bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan Bahodir Jalolovni taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, talaba-yoshlar va yosh sportchilar ishtirok etgan tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov, viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Oliy Majlis Senati a’zosi O.Soatov, mehnat faxriysi X.Sharofuddinov va boshqalar mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor Vatanimiz shon-sharafini dunyoga keng yoyishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.  

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu ishlar yosh avlod qalbida sportga bo‘lgan mehr-muhabbatning yuksalishi, yoshlarning har tomonlama barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishi hamda sport turlari bo‘yicha yuqori natijalarni qo‘lga kiritishiga puxta zamin yaratmoqda.  

Kun chiqar davlatda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida surxondaryolik Bahodir Jalolov ham professional boks bo‘yicha mamlakatimiz sharafini ishonchli himoya qildi.  

Tokioda bo‘lib o‘tgan janglarda uning har bir chiqishini o‘zbekistonlik yurtdoshlarimiz katta umid va ishonch bilan kuzatdi. Yosh sportchi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga munosib tuhfa qildi.

[gallery-3481]

– Albatta, g‘alabaga erishish oson bo‘lgani yo‘q, – deydi Bahodir Jalolov. – Har bir bellashuvda yurtdoshlarimning meni g‘oyibona qo‘llab-quvvatlayotganini his etib turdim. Bu g‘alabaga bo‘lgan ishonchimni yanada mustahkamladi. Buni butun o‘zbek xalqining yutug‘i, deb bilaman. Kelgusi bellashuvlarda ham O‘zbekiston bayrog‘ini yanada baland ko‘tarishga so‘z beraman.

– Bahodir Jalolov bizning faxrimiz, – deydi termizlik yosh sportchi Jaloliddin Turopov. – Biz yoshlar unga havas qilib, har bir musobaqasini katta qiziqish bilan kuzatamiz. Tokioda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinida ham Bahodirning janglarini maroq bilan tomosha qildik. Kelajakda biz ham mamlakatimiz bayrog‘ini jahon bellashuvlarida baland ko‘tarishga ahd qilganmiz. Buning uchun barcha sharoit yaratilgan.  

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Bahodirni erishgan g‘alabasi bilan muborakbod etib, unga “Shkoda” avtomobili kalitini topshirdi. San’atkorlar ijrosida kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.  

Bahodir Jalolov kamolga yetgan olis va chekka Sariosiyo tumani aholisi bokschi bilan faxr tuymoqda.

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA