Joriy yil dekabr oyida Toshkentda professional boks oqshomi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Kechaning asosiy bahsi Isroil Madrimov va Mishel Soro o‘rtasidagi eliminator maqomida jang bo‘ladi. Ushbu bahs “WVA” yo‘nalishida jahon chempionlik kamari uchun majburiy da’vogar kim bo‘lishini belgilab beradi va jang g‘olibi “WVA Super” chempionlik kamari uchun ringga ko‘tarilish huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, mazkur oqshomda Shahram G‘iyosov, Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov ham navbatdagi jangini o‘tkazishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan O‘zA muxbiri jahon va Olimpiya o‘yinlari chempioni Bahodir Jalolov bilan suhbatlashdi.

– Dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan professional boks oqshomida sizni ko‘ramizmi, hozir qayerda shug‘ullanyapsiz?
– Hozirda asosiy mashg‘ulotlarim Toshkentda bo‘lib o‘tmoqda. Shuningdek, haftasida uch marotaba “Yangi obod” sport bazasida shug‘ullanyapman. U yerda ayni kunlarda 22 yoshgacha bo‘lgan terma jamoamiz a’zolari o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. Ular bilan ko‘proq sparing janglar o‘tkazyapman. Bu esa ular uchun ham, men uchun ham muhimdir.
Isroil Madrimov va Mishel Soro o‘rtasidagi eliminator jang kechasida katta ehtimol bilan ringga ko‘tarilishim mumkin. Hozirda aniq bir fikr ayta olmayman. Munosib raqib topilsa, ushbu professional boks kechasi o‘tishi uchun aniq qaror qabul qilinsa, balki men ham navbatdagi jangimni o‘tkazarman. Muhimi, hozirda mashg‘ulotlarni shiddat bilan davom ettiryapman.

– Siz havaskor va professional boksda bir maromda faoliyat olib boryapsiz. Serbiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati haqida fikringiz qanday?
– Jahon chempionati yaxshi tashkillashtirildi. Charm qo‘lqop ustalarimiz ham munosib ishtirok etdi. Biroq bokschilarimiz yaxshi jang olib borgan bo‘lsa-da, hakamlar aybi bilan ko‘p janglar boy berildi. Bilasizmi, sport charxpalakka o‘xshaydi, doim aylanib turadi. Bugun g‘alaba bo‘lsa, ertaga mag‘lubiyat bo‘lishi mumkinligi ham tabiiy. Ishonamizki, charxpalak aylanib yana g‘alabalar qaytadi. Toshkentda bo‘ladigan jahon chempionatida yaxshi natija qayd etishga harakat qilamiz. O‘zbek boks maktabi doimo birinchilar qatoridan joy olgan va albatta, shunday bo‘lib qoladi.
– Bu yilgi mavsum siz uchun ko‘ngildagidek bo‘ldi. Kelgusi rejalar haqida to‘xtalib o‘tsangiz?
- 2022 yil professional boksdagi kontraktimda o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Shundan so‘ng asosiy e’tiborni professional boksga qarataman. Ko‘proq janglar o‘tkazib, unda ham jahon chempioni bo‘lish niyatidaman. Hozirda Osiyo va jahon hamda Olimpiya o‘yinlari oltin medalini yurtimizga olib kelganman. Professional boksda ham jahon chempionlik kamarini Vatanimizga olib kelsam, har bir bokschi orzu qilgan marralarni egallagan bo‘laman. Buning uchun tinimsiz mehnat va har qanday to‘siqlarni yengib o‘tishdan charchamayman.
- Samimiy suhbatingiz uchun rahmat!
- Fursatdan foydalanib, biz sportchilarga qaratilayotgan e’tibor va imkoniyatlar uchun Prezidentimizga, barcha mas’ullarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ishonamanki, o‘zbek sportchilari yurt bayrog‘ini g‘urur va iftihor bilan doimo baland ko‘tarishda davom etadi.
O‘zA muxbiri Javohir TOSHXO‘JAEV suhbatlashdi.