Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bahodir Jalolov: Bor e’tiborim Olimpiya o‘yinlariga qaratilgan
16:33 / 2024-07-08

Ayni kunlarda boks bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Fransiyaning Nansi shahrida xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etmoqda. Mazkur yig‘in bokschilarimiz uchun Parij shahrida o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari oldidan so‘nggi tayyorgarlik bo‘ladi.

Fransiyada kechadigan mashg‘ulotlar davomida Olimpiada yo‘llanmasiga ega 7 nafar bokschimizga 2 nafardan sparring sheriklar biriktirilgan.  

O‘zA muxbiri O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Olimpiya o‘yinlari va ikki karra jahon chempioni Bahodir Jalolov bilan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik, raqiblar va terma jamoa holati haqida suhbatlashdi.  

–Bahodir, so‘nggi tayyorgarlik va mashg‘ulotlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.  

–Bugun erta tongdan dastlabki mashg‘ulotlarni boshladik. Biz jamoamiz bilan Nansi shahridagi sport bazasiga joylashganmiz. Mashg‘ulotlar haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, dastlab chigalyozdi mashqlari bajariladi, so‘ngra texnik va taktik hamda jismoniy holatni yaxshilovchi mashg‘ulotlar qo‘shiladi.  

–Terma jamoamizning holati qanday va sharoitlar haqida qisqacha ma’lumot bersangiz.  

–Doimgidek biz sportchilar va murabbiylar uchun barcha sharoitlar muhayyo, yuqori sifatda tashkil etilgan. Bu uchun mamlakatimiz boks federatsiyasi mutasaddilariga barcha sportchilar nomidan minnatdorlik bildiramiz. Jamoada barchamizning kayfiyatimiz a’lo va bo‘lg‘usi Olimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Hammasi yaxshi. Mazkur yig‘inda bizdan tashqari, bir qator kuchli terma jamoalar ham yig‘in o‘tkazmoqda. Ushbu terma jamoa bokschilari bilan sparring janglarini o‘tkazish rejamizda bor.  

–Olimpiya o‘yinlaridagi raqiblar va olib borilayotgan tayyorgarlik haqida fikringiz.  

–Bilasizki, Olimpiya o‘yinlarida oson raqib bo‘lmaydi va barcha davlat bokschilari katta tayyorgarlik bilan boradi. Vaznimdagi barcha ehtimoliy raqiblarga qarshi bor kuchim bilan shug‘ullanyapman. Men raqib tanlamayman va oldindagi musobaqaga har qanday raqib bo‘lsin, g‘olib bo‘lish uchun mashqlarga zo‘r beraman. Bu o‘rinda murabbiylarimning ham xizmati katta bo‘ladi. Ular kamchiliklarimni o‘z vaqtida bartaraf etadi va to‘g‘ri maslahat beradi. Ulardan minnatdorman.  

–Oldindagi rejalar qanday?  

–Hozir bor e’tiborim Olimpiya o‘yinlariga qaratilgan. Yelkamda xalqimizning ishonchi va Vatanimiz sharafi turibdi. Men ularning ishonchini oqlash uchun bor imkoniyatimni ishga solaman. Shu bois ham faqat ushbu musobaqa haqida o‘ylayapman. Nasib etsa, o‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarimga yetishganimdan so‘ng, yangi rejalar haqida o‘ylaymiz.  

Ha, bugun dunyo bokschilari va mutaxassislari Bahodirdek boshqa charm qo‘lqop ustalarimizning ham g‘alabali odimlariga havas ko‘zi bilan qaramoqda. Umid qilamizki, «Parij-2024» Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz o‘z maqsadlariga yetishadi.  

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA