Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
Mehr-muruvvat, saxovat va bag‘rikenglik timsoli bo‘lgan muborak Ramazon oyi yurtimizga o‘zgacha fayz, qalblarga orom va xonadonlarga baraka olib kirmoqda. O‘zbekiston musulmonlari uchun ulug‘ va qutlug‘ bo‘lgan ushbu oyni munosib tarzda o‘tkazish, uning ezgu mohiyatini asrab-avaylash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Shu ma’noda, Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaror hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan aniq topshiriqlar muborak oyni yuksak saviyada, tinchlik va xavfsizlik muhitida tashkil etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Qarorda jamoat tartibini mustahkamlash, ibodat maskanlarida xavfsizlikni ta’minlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xayriya tadbirlarini kengaytirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan.

Ana shu vazifalar ijrosi doirasida Jizzax viloyatida tizimli va maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, taroveh namozlari ado etilayotgan jome masjidlarda jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash masalalari doimiy nazoratga olingan. Viloyat ichki ishlar organlari rahbariyati tomonidan Jizzax shahri hamda Sharof Rashidov tumani hududidagi jome masjidlarda o‘rganishlar o‘tkazilib, xizmatga jalb etilgan xodimlar bilan yaqindan muloqot qilindi.
Jizzax vohasidagi 170 ta masjidda taroveh namozlari muntazam ado etilayotgan bo‘lsa, ularning har biriga IIB, Milliy gvardiya va uchastka inspektorlari biriktirilgan. Bu esa xavfsizlikni ta’minlash borasidagi yondashuv tizimli va manzilli ekanini ko‘rsatadi. Masjidlar atrofidagi osoyishtalik, namozxonlar uchun yaratilgan shart-sharoit, yo‘l harakati xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlash borasidagi ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘zdan kechirilib, mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Jamoat tartibini saqlash boshqarmasida joylashgan shtab a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda xizmatni samarali muvofiqlashtirish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, qonuniylikni so‘zsiz ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, muborak oyda yurt osoyishtaligini asrash har bir xodimning nafaqat xizmat vazifasi, balki yuksak mas’uliyatidir.
Bugun viloyat hududidagi jome masjidlarda taroveh namozlari tinch va fayzli muhitda o‘tmoqda. Namozxonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, mutasaddi idoralar o‘rtasida hamjihatlik ta’minlangan. Bu — davlat rahbari qarori va hukumat topshiriqlarining joylarda izchil va samarali ijro etilayotganining amaliy ifodasidir.

Zero, Ramazon — qalblarni poklovchi, jamiyatni birlashtiruvchi, insonni shukronalikka chorlovchi oy. Uning har bir kuni tinchlik, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat ruhida o‘tayotgani Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanayotganining yorqin dalilidir. Jizzax zaminidagi osoyishtalik esa ana shu ezgu sa’y-harakatlarning hayotiy va ta’sirchan natijasidir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari