Jizzax viloyatining Forish tumanida “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida kitobxon yoshlar o‘rtasida “Xiradmand” (“Bilimdon”) tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Forish tumanidagi 5 ta va qo‘shni Navoiy viloyati Nurota tumanidagi 5 ta tojik tilida ta’lim oluvchi maktab o‘quvchilari ishtirok etishdi.

Mazkur musobaqa tojik tilida ta’lim oluvchi maktablar o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan bo‘lib, bu yilgi bellashuv oltinchi marta tashkil etildi. Tanlovning Porasht qishlog‘idagi 13-sonli maktabda o‘tkazilishi ham ramziy ahamiyat kasb etdi. Bu qishloqda yozuvchi, shoir va tarjimon, O‘zbekiston va Tojikiston Yozuvchilar uyushmalari a’zosi marhum Jonibek Quvnoq tug‘ilib o‘sgan. Shu kunlarda adibning tavallud kuni ham keng nishonlanmoqda.
Tadbirda Respublika “Ovozi tojik” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari, jurnalist Tojiboy Ikromov so‘zga chiqib, ishtirokchilarni kitob bayrami bilan tabrikladi hamda Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayidning tabrigini o‘qib eshittirdi. Shu bilan birga, tojik tilidagi yangi adabiyotlardan iborat sovg‘alar maktablarning jamoalariga topshirildi.

Bu galgi tanlovning mavzusi jahon adabiyoti xazinasini o‘zining betakror “Shohnoma” asari bilan boyitgan buyuk shoir Abulqosim Firdavsiy hayoti va ijodiga bag‘ishlandi. Bellashuv yakuniga ko‘ra, Nurota tumanining maktablari jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi, forishlik yosh kitobxonlar ikkinchi o‘rinni egalladi. G‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar va Jizzax viloyati tojik milliy madaniy markazining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandilar.
Jizzax viloyati tojik milliy madaniy markazi raisi Abdukarim Sharipov mazkur tadbir haqida shunday dedi:
– Bag‘rikenglik – millatlar, dinlar va madaniyatlar orasidagi do‘stlik va hurmatni mustahkamlovchi muqaddas qadriyatdir. Bu haftalik doirasida o‘tkazilayotgan har bir tadbir nafaqat yoshlarni ma’rifatga chorlaydi, balki ular qalbida Vatanga muhabbat, birdamlik va o‘zgalarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi.
Darhaqiqat, kitobxonlik, ma’rifat va bag‘rikenglik – barqaror jamiyat qurishning eng muhim poydevori. Forishdagi bu tadbir ana shu ezgu g‘oyalarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
A. Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari