Bugungi global dunyoda xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va tinchlik barqaror taraqqiyotning asosiy shartlaridan biridir. Shu bois madaniy-diplomatik uchrashuvlar davlatlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlab, xalqlar qalbida bir-birini tushunish tuyg‘usini kuchaytiradi.
“O‘zbekiston – Latviya” do‘stlik jamiyati tashabbusi bilan Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasida “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” va Latviya Respublikasining mustaqillik kuniga bag‘ishlangan davra suhbatida ana shular haqida so‘z yuritildi.

Unda Latviya va O‘zbekiston elchixonalari xodimlari, Birodar shaharlar alyansi vakillari, Toshkent, Riga, Samarqand va Yurmala shahar hokimliklari vakillari ishtirok etdi. Tadbir doirasida ikki davlat o‘rtasidagi barqaror hamkorlik, turizm, madaniy almashinuv, iqtisodiy va ta’limiy loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etish joizki, Toshkent va Riga shaharlari 2004 yilda, Samarqand va Yurmala shaharlari esa 2014 yilda birodarlik aloqalarini o‘rnatgan. Bu munosabatlar ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy, iqtisodiy va ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur davra suhbati O‘zbekistonning ochiq va bag‘rikeng siyosatiga uyg‘un ravishda, xalqlar o‘rtasida totuvlik, hurmat va do‘stlikni mustahkamlashga, shuningdek, birodar shaharlar va davlatlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA