Inson zoti dunyoga mehr bilan keladi. Ammo uning qalbidagi bu mehrni saqlab qolish, uni bag‘rikenglik bilan boyitish har kimning tarbiyasiga bog‘liq. Bugun dunyoda turli millatlar, dinlar va madaniyatlar yonma-yon yashaydigan bir sharoitda bag‘rikenglik faqat so‘z yoki shior emas, balki tinchlik va osoyishtalikning asosiy kafolatiga aylangan.
Bag‘rikenglik — bu boshqalarni o‘zimizdek qabul qilish, fikri, e’tiqodi, kelib chiqishidan qat’i nazar inson sifatida ardoqlash fazilati. U nafaqat hurmat va murosani, balki odamlarning qalbini yaqinlashtiradigan ma’naviy ko‘prikni anglatadi.
Shu jihatdan ham bag‘rikenglik xalqimizga xos qadimiy va azaliy fazilat hisoblanadi. Bobolarimiz asrlar davomida “Birlik bor joyda baraka bor” degan hayotiy hikmatga amal qilib, turli millat va din vakillariga doimo ochiqko‘ngil va samimiy munosabat bilan yondashib kelmoqda.
BMT Bosh Assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1997 yildan buyon 16 noyabr har yili butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlanib kelinadi. Bu sanani O‘zbekistonda nishonlash ham yaxshi an’anaga aylangan. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston azaldan turli millat, elat va din vakillarining tinch-totuv, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhiti bilan ahillikda hayot kechirgan maskan sifatida e’tirof etiladi.
Hozirgi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik tamoyillari asosida yashab kelmoqda.
Bugun yurtimizning barcha hududlarida millatlararo va dinlararo do‘stlik, ahillik va birdamlikni mustahkamlashga qaratilgan turli tadbirlarni o‘zida jamlagan “Bag‘rikenglik haftaligi” tadbirlariga start berildi.
Haftalikning dastlabki tadbiri “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yish marosimidan boshlandi. Mustaqillik monumenti davlat ozodligi va barqarorligi ramzi hisoblanadi. Unda O‘zbekiston xalqining ko‘p asrlik davlatchilik tarixi, buyuk alloma va jahongir bobolar siymolari aks etgan. Monumentning eng yuqori qismida Humo qushi tasvirlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati va xodimlari, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faollari, diniy konfessiya vakillari, OAV xodimlari hamda keng jamoatchilik ishtirok etgan “Bag‘rikenglik marshi”dan so‘ng monument poyiga gullar qo‘yildi.
Shundan so‘ng “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida turli millat va din vakillari ishtirokida “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida daraxt ko‘chatlarini ekish marosimi o‘tkazildi. Marosimda turli millat va din vakillari birgalikda yaxshi niyat qilib, chinor ko‘chatlarini ekishdi.
Ta’kidlash kerakki, joriy yilning 10-15 noyabr kunlari mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkaziladigan “Bag‘rikenglik haftaligi” tadbirlari doirasida respublikamizning barcha viloyatlari va Toshkent shahridagi nufuzli san’at saroylari, teatrlar, konsert zallari, tomosha maydonlari va so‘lim xiyobonlari hamda bog‘larda turli madaniy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy tadbirlar rejalashtirilgan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/6skoK2t-emQ?si=35_BXRwntggdAjAd" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
N.Abduvoitov (video),
U.To‘xtayev (montaj)
O‘zA