Mamlakatimizda “Bag‘rikenglik haftaligi” muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.
Mazkur haftalik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida yurtimizda turli diniy konfessiya vakillari o‘rtasida o‘zaro ahillik va hamjihatlik, totuvlik, birodarlik, do‘stlik, mehr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash borasidagi ibratli sa’y-harakatlarni respublika va xalqaro miqyosda targ‘ib etish imkonini berayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining maslahatchisi, dinshunos olim Ilhom Ma’rupov bilan suhbatimiz ushbu haftalikning ahamiyati haqida bo‘ldi.
– Bugungi kunda bag‘rikenglik masalasi nechog‘li muhim hisoblanadi?
– Hozirgi globallashuv davrida jamiyat oldidagi eng muhim vazifalardan biri diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, millatlar va konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini mustahkamlash. Afsuski, dunyoning ayrim hududlarida bag‘rikenglik qadriyatlari susaymoqda, ijtimoiy va etnik tafovutlar chuqurlashmoqda, irqiy va diniy nafrat kuchaymoqda. Shu bois, tinchlik va hamjihatlik g‘oyalari xalqaro hamjamiyatning hamkorligi orqali ilgari surilishi zarur hisoblanadi. Bunda, shu kabi anjumanlarning o‘rni beqiyos.
– Bag‘rikenglik tushunchasini qanday ta’riflaysiz?
– Bag‘rikenglik – bu shunchaki shior emas. Bu inson qadrini ulug‘lash, har bir shaxsning e’tiqodi va fikriga hurmat bilan qarash madaniyati. U ta’lim, ma’rifat, inklyuzivlik va teng imkoniyatlar orqali rivojlanadi.
– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada qanday ishlar olib borilmoqda?
– Hozirgi kunda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv yashamoqda. So‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada katta o‘zgarishlar amalga oshirildi: 130 dan ortiq yangi diniy tashkilotlar, 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, 102 ta masjid va 24 ta noislomiy diniy tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Shu bilan birga, Prezidentimizning tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi va Xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bu muassasalarda yosh avlodni buzg‘unchi g‘oyalardan asrash, ularni bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash borasida “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida salmoqli ishlar olib borilmoqda.
– Bag‘rikenglikni targ‘ib qilishda O‘zbekistonda qanday an’analar shakllangan?
– BMTning maxsus rezolyutsiyasiga ko‘ra, noyabr oyining 16-sanasi “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” deb belgilangan. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda har yili “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkaziladi. Unda respublika bo‘ylab ilmiy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar tashkil etiladi. Bu an’ana jamiyatda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik qadriyatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
– O‘zbekistonning bag‘rikenglik sohasidagi tashabbuslari haqida ham aytib o‘tsangiz.
– Albatta. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil BMT Bosh Assambleyasidagi 72-sessiyada ilgari surgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi bu yo‘nalishda muhim qadam bo‘ldi. 2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasida ushbu rezolyutsiya qabul qilindi. Bu hujjat dunyo miqyosida O‘zbekistonning bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini ilgari surishdagi yetakchi rolini ko‘rsatdi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida O‘zbekistonda bag‘rikenglik siyosatini izchil amalga oshirish, islom ma’rifati va insoniylik g‘oyalarini chuqur o‘rganish hamda ularni jahon hamjamiyatiga yetkazish yo‘nalishidagi keng ko‘lamli ishlar alohida ta’kidlandi. Bu, O‘zbekistonning bag‘rikenglik sohasidagi siyosatini xalqaro maydonda samarali targ‘ib etishda yangi bosqich bo‘ldi.
– 15 noyabr kuni Toshkentda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiya haqida ham ma’lumot bersangiz?
– Albatta. Shu yilning 15 noyabr kuni “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilmoqda. Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita hamda qator vazirlik va tashkilotlar hamkorligida o‘tkaziladi.
Anjuman quyidagi yo‘nalishlarda ish olib boradi:
muloqot va bag‘rikenglikni ta’minlashda Yangi O‘zbekiston va jahon tajribasi;
2. Konfessiyalar va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashda hamkorlik;
3. Ta’lim va ma’rifat – dinlararo totuvlik va barqarorlikni ta’minlashning asosi.
– Bu konferensiyadan qanday natijalar kutilyapti?
– O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan bu kabi nufuzli anjumanlarda xorijlik ekspertlar, turli diniy konfessiya vakillari, sohaning yetuk olim va mutaxassislari muntazam ishtirok etib kelmoqda. Ular tomonidan O‘zbekistonning xalqaro bag‘rikenglik tamoyillariga to‘liq amal qilib kelayotgani, shuningdek, ushbu yo‘nalishda ilg‘or tajribaga ega davlat sifatida boshqa mamlakatlar uchun namuna bo‘lishi e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, turli madaniyat va din vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, millatlar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda “O‘zbekiston tajribasi” to‘liq o‘zini oqlayotganiga guvoh bo‘lmoqda!
Nazokat Usmonova, O‘zA