Ayni kunlarda Iroq poytaxti Bag‘dod shahrida “Baghdad International Fair” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Ko‘rgazmada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik va tayyor kiyim-kechak, qurilish materiallari, kimyo va farmatsevtika mahsulotlari, mebel sanoati hamda texnika va elektr jihozlari bilan shug‘ullanadigan ishlab chiqaruvchilar ishtirok etmoqda.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmatining xabar berishicha, mazkur nufuzli tadbirda 762 kvadrat metr maydonda tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” yagona milliy stendi orqali mamlakatimizning eksport salohiyati keng namoyish etilmoqda. Milliy ekspozitsiyada mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z mahsulotlarini xalqaro xaridorlar va potensial hamkorlarga taqdim qilyapti.

– Mazkur imkoniyat Savdo-sanoat palatasi va “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tashabbusi bilan yaratildi. E’tiborlisi, Iroqdagi ko‘rgazmada O‘zbekistonga Iroq hukumati tomonidan faxriy ishtirokchi maqomi berilgani muhim ahamiyatga ega. Iroq savdo vaziri, ishtirokchi davlatlarning elchilari va ko‘rgazmaning nufuzli mehmonlari tashrif buyurgan 1-pavilon – “Made in Uzbekistan” milliy ekspozitsiyasi barchaning diqqat markazida bo‘ldi. Mehmonlar O‘zbekiston pavilonining barcha nuqtalarida bo‘lib, mamlakatimiz salohiyatini yuqori baholadi. Ayniqsa, qurilish materiallari stendi va PVX truba, fitinglar, gulqog‘oz, alyumin mahsulotlari katta qiziqish uyg‘otdi, – dedi uyushma axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov.
Eslatib o‘tamiz, “Baghdad International Fair” xalqaro ko‘rgazmasi 7 fevral kuni o‘z ishini yakunlaydi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA