Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi Chekxitoy mahallasida tomorqadan unumli foydalanib, mo‘may daromadga ega bo‘layotganlarning safi keng. Shu bilan birga bu yerda mahsulotlarni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgani mahalla xotin-qizlari uchun ish o‘rinlari yaratishda ayni muddao bo‘lmoqda.
– 500 dan ziyod xonadondan iborat qishlog‘imizda aholi ko‘p yillardan buyon supurgi yetishtirish bilan shug‘ullanib keladi, – deydi “Chekxitoy” MFY raisi Adhamjon Sherqo‘ziyev. – Ilgari bu mahsulotni faqat xomashyo shaklida buyurtmachilarga yetkazib bergan bo‘lsak, endilikda mahallamizdagi oilaviy korxonalar qayta ishlashni yo‘lga qo‘yib, supurgi, qozon yuvgich kabi ro‘zg‘or buyumlarini eksportga chiqarmoqda.
[gallery-17856]
– Oilaviy korxonani ochib, nafaqat daromadimiz oshdi, balki o‘ttizga yaqin xotin-qizni ish bilan ta’minlashga ham erishdik, – deydi “Yasmina 22” korxonasi rahbari Dilsevar Ibrohimova. – Bir yilda tashqi bozorga yarim million donaga yaqin supurgi, qozon yuvgich mahsulotlarini chiqaryapmiz. Mahsulotlarimiz sifatli bo‘lgani uchun buyurtmalar uzilmayapti. Bu esa ishlab chiqarish sur’ati va samaradorligini oshirmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA