French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bag‘dodlik Qimmatoy bir qo‘li bilan hayotini o‘ngladi
09:35 / 2022-10-18

Asli Uchko‘prik tumanida tug‘ilib, 5-6 yil avval Bag‘dodga kelin bo‘lib tushgan Qimmatoy G‘oyipova II guruh nogironi. To‘rt yoshida baxtsiz hodisa oqibatida chap qo‘lidan ayrilgan. Lekin u aslo tushkunlikka tushmadi, yashash uchun, yaxshi yashash uchun tinimsiz mehnat qildi. Ayrimlarning uquvi yetmaydigan yumushlarni Qimmatoy bir qo‘llab bo‘lsa-da, epladi.

Sinovda sabr tilab, quvonchda shukr keltirgan matonatli bu ayol tumanning Guliston shaharchasidagi yangi massivda bunyod etilgan ko‘p qavatli uylardan birida turmush o‘rtog‘i bilan yashaydi. 2 xonali kvartira sotib olish uchun ushbu oilaga tuman hokimligi tomonidan boshlang‘ich to‘lov to‘lab berilgan. Er va xotin bir yoqadan bosh chiqarib, farovon turmush uchun astoydil mehnat qilishmoqda. 

– Turmush o‘rtog‘imda ham II guruh nogironligi bor, – deydi Q.G‘oyipova. – Tuman hokimligi yordami bilan doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Hayotdan nolimaymiz. Chunki nafas olyapmizmi, demak harakat qilish kerak. Birovlarga boqimanda bo‘lib qolishdan o‘zi saqlasin. Og‘ir kunlarda senga yelkadosh bo‘ladigan, qo‘lingdan ushlab to‘g‘ri yo‘lga soladigan yaqinlaring borligi qanday yaxshi. Fursati kelganida turmushimiz o‘nglanishida yordam berganlari uchun atrofimizdagi yaxshi insonlarga chin ko‘ngildan rahmat aytmoqchiman.

Qimmatoy G‘oyipova “Ayollar daftari”da ro‘yxatga olingan. Bundan 4 oy oldin tuman hokimligi tomonidan ushbu fuqaroga subsidiya asosida 2 turdagi zamonaviy tikuv mashinasi ajratildi. Bolalikdan tikuvchilikni puxta o‘zlashtirgan Qimmatoy uchun bu ayni muddao bo‘ldi.

– Kuniga 2-3 ta ko‘ylak tikib sotyapman, yuz ming so‘m atrofida pul topyapman shu hunarim bilan. Shukr, shaharchada o‘nlab doimiy mijoz orttirdim. Endilikda o‘zim kabi imkoniyati cheklangan xotin-qizlarga shu hunarni o‘rgatib, kasanachilik asosida ularni ham ish bilan band qilmoqchiman. 

bugungi turmushidan mamnun bu ayol paxta yig‘im-terimida qatnashib, bir qo‘li bilan kuniga 90-100 kilo paxta tergani va mavsum boshidan buyon 4 million so‘mdan ortiq pul ishlab topgani haqida ham so‘zlab berdi. Umuman olganda, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Bag‘dod tuman hokimligining oila va xotin-qizlar bo‘limi tavsiyasi asosida 77 nafar xotin-qizlarga subsidiya asosida tikuv mashinalari ajratilib, ularning bandligi ta’minlandi.

Ha, Farg‘ona viloyatida bu kabi matonatli, mehnati bilan hayotda o‘z o‘rnini topayotgan ayollar ko‘plab topiladi. Davlatimizning ozgina daldasi ularga katta kuch-quvvat bag‘ishlamoqda.

 

M.Sulaymonov, O‘zA