Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bag‘doddagi to‘qnashuvda to‘rt nafar politsiyachi halok bo‘ldi
11:29 / 2025-09-08

Iroq poytaxti Bag‘dodda ikki mahalliy qabila vakillari o‘rtasida kelib chiqqan to‘qnashuv kamida olti kishini hayotdan olib ketdi. Jumladan, tartibsizlikni bostirishga uringan to‘rt nafar politsiyachi ham halok bo‘lgan. Bu haqda mamlakat ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Ismini oshkor qilishni xohlamagan holda AFP bilan gaplashgan xavfsizlik xizmati rasmiylari aytishicha, hodisa shanba kuni kechqurun xususiy elektr generatori narxi oshirilishi sabab boshlangan.

Ma’lumki, aksar iroqliklar davlat elektr energiyasining kunlik, uzoq davom etadigan uzilishini bartaraf etish uchun xususiy generatorlarga tayanadi. Poytaxtning Sa’da tumanida sodir bo‘lgan zo‘ravonlikda qurbon berilgan politsiya xodimlaridan ikki nafari qo‘mondon. Ular “qabila nizosi”ni tinchitish uchun janjalga aralashgan.

Xavfsizlik xizmati xodimi ommaviy axborot vositalari vakillariga aytishicha, marhum politsiyachilar olgan jarohatlari asoratidan vafot etgan.

– Voqea joyida 9 nafar politsiyachi yaralandi, – deyilgan vazirlik xabarida. – To‘qnashuvni boshlaganlar hujum qilgach, politsiyachilar javoban o‘q uzgan. Olomon orasidan besh kishi yaralangan, bir necha odam hibsga olingan.

Urushdan vayron bo‘lgan, qurol-yaroqqa to‘lib-toshgan Iroqda qabilalar o‘rtasidagi nizolar tez-tez avj olib turadi. Bu yurtda mayda ziddiyat ham qabilalararo janjalga aylanib ketishi hech gap emas. Sezilarli ta’sirga, yaxshigina qurol zaxirasiga ega qabilalar ko‘pincha o‘z axloqiy va sudlov qonunlariga muvofiq harakatlanadi.

M.Pirmatova, O‘zA