Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bag‘dodda yangi axborot-kutubxona markazi ochildi
18:46 / 2023-10-29

Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida yangi bunyod etilgan axborot-kutubxona markazi foydalanishga topshirildi.

Qadimda o‘tgan donishmandlardan biri kitobsiz uyni ruhsiz tanaga o‘xshatgan ekan. Hududlarda kutubxonalar qurilayotgani, kitobxonlar safining tobora kengayib, kitobxonlik madaniyati rivoj topib borayotgani xonadonlarimizda pokiza ruh, fayzu baraka yuksalayotganidan dalolatdir. Xususan, Farg‘ona viloyatida ham bugungi kunda kutubxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, moddiy texnik bazasini mustahkamlashga muhim e’tibor qaratilmoqda.Prezidentimizning 2019 yil 7 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan shahar va tumanlarda 18 ta axborot-kutubxona markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Dang‘ara tumanida yangi kutubxona qurildi. Shuningdek, ayni kunlarda Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazini butunlay qayta ta’mirlash ishlariga kirishilgan.

Bag‘dod tumani qurilgan axborot-kutubxona markazining ochilish marosimi katta  shodiyonaga aylandi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, tuman hokimi Yusufjon Husainovlar mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish borasidagi ishlarga to‘xtalib, mazkur kutubxona tuman aholi uchun chinakam ma’rifat maskani bo‘lganini ta’kidlashdi. Kutubxonaga viloyat hokimining sovg‘asi-500 dona sara kitoblar tuhfa etildi.  

Mazkur zamonaviy axborot-kutubxona markazi 1 milliard  200 million so‘m mahalliy byudjet mablag‘lari  hamda 1 milliard  200 million so‘m “Tashabbusli byudjet” loyihasi mablag‘lari evaziga qurib bitkazildi.  Bu yerda 92 ming dona kitob fondi mavjud bo‘lib  bir paytda 200 nafar foydalanuvchining ma’naviy ozuqa olishga xizmat qiladi. Yangi kutubxona kitobxonlarga qulaylik yaratish maqsadida mebel jihozlari va yangi adabiyotlar, kompyuterlar va internet bilan ta’minlandi.

Ramziy lenta qirqilib, tadbir ishtirokchilari kutubxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.  

-Farg‘onaga safarimizning eng qizg‘in voqeasi - bu Bag‘dod tumani axborot-kutubxona markazining ochilish marosimi bo‘ldi, -deydi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva.- 2019 yilda Prezidentimiz qarori bilan tuman va shaharlarda axborot-kutubxona markazlari tashkil etilishi belgilangandan keyin birinchilardan bo‘lib Bag‘dodda tuman hokimi bilan yangi bino barpo etishni kelishgan edik. Bugun o‘sha niyatimiz, rejamiz, amalga oshib, kutubxona uchun 3 qavatli bino qurilib, foydalanishga topshirildi. O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nomidan sohaviy texnika va jihozlar sotib olish uchun biz ham 100 mln so‘m ajratdik. Umid qilamizki, ushbu muhtasham bino bag‘dodlik kitobxonlarimizning sevimli maskaniga aylanadi. Kutubxona xovlisida “Yashil makon” barpo etish maqsadida daraxt ko‘chati ham o‘tqazdik.

M.Sulaymonov, O‘zA