Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bag‘dodda nima gaplar? (+video)
14:40 / 2024-02-01

Yaqinda bo‘lib o‘tgan videoselektr yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasining prezidenti Shavkat Mirziyoyev jumladan Bag‘dod tumanida ham 2023 yilda bironta ko‘p qavatli uy-joy binosi qurilib foydalanishga topshirilmaganini tanqid qildi. Xo‘sh nega shunday bo‘ldi?

Raqamlarga e’tibor qiling. 1991-2020 yillar oralig‘ida, ya’ni 29 yil davomida Bag‘dodda 7 ta 2, 3, 4 qavatli uy qurilgan. 2021 yilda esa 61 ta besh qavatli uylarni o‘z ichiga olgan shaharcha bunyod etildi. Bunga alohida to‘xtalamiz hali. Shundan so‘ng 2022 yilda atigi bitta uy qurilgan xolos. 2023 yilda esa... Holbuki, Bag‘dod tumanida 59 ta mahalla, 45 mingdan ziyod oila bo‘lib, jami 220 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ayrim xonadonlarda ikki, uch, hatto to‘rt oila borligi ma’lum. Yana bir raqam. Bag‘dod tumanida atigi  7 ming yoki aholining bor-yo‘g‘i 3 foizigina xalq tili bilan aytsak “dom” larda yashaydi. Shundan uy joyga, ayniqsa, ko‘p qavatli ipoteka uylariga ehtiyoj baland.

–Hurmatli prezidentimiz Bag‘dod tumanida 2023 yilda ko‘p qavatli uy-joy binolari qurilmadi, deb haqli e’tiroz bildirishdi. Sababi haqiqatdan ham bironta uy qurilmadi,- deydi tuman hokimi o‘rinbosari Akbarjon Tojiyev.            –Aslida 2023 yilda 7 qavatli 25 xonadonli bino qurilishi rejalashgandi. Ayrim sabablar tufayli chala qoldi. Tadbirkor bilan gaplashdik. Fevral oyi yakunigacha bu bino foydalanishga topshiriladi.

Bundan tashqari yolg‘iz, nogiron uy-joyga muhtoj ayollar ham yangi uylar qurilishini kutishmoqda.

–2023 yilda tuman xotin-qizlar bo‘limiga uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha 13 ta murojaat tushgan, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari To‘lqinoy Tojiyeva. – O‘tgan yili 13 nafarining bir nafariga Guliston massividan 2 xonali kvartira yashash huquqi asosida orderli uy qilib berildi.

Ha, 13 ta arizadan bittasiga orderli uy berilgan. Yana ikkitasi esa...

–Subsidiya asosida Bag‘doddan emas, Farg‘onadan uy olishdi,– deydi To‘lqinoy Tojiyeva.

Bag‘dodda qurilmaganidan keyin boshqa joydan oladida, degin keladi beixtiyor.

Prezident tanqididan so‘ng tuman rahbariyati yangi loyiha ustida ish boshladi.

–Hurmatli prezidentimizning xaqli e’tirozlaridan kelib chiqib, shunday xulosa chiqardikki, 2024 yilda 10 ta besh qavatli uy-joy qurishni reja qilib oldik. Hozir ular auksionga qo‘yildi, – deydi Akbarjon Tojiyev.

Qachon auksion o‘tadi, qachon quruvchi ish boshlaydi, qachon uy-joy bitadi...

Holbuki, Bag‘dodda uy-joy qurishning noyob tajribasi bor. 2021 yilda Prezident tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston” turar joylari qurilishi aynan shu yerda namuna qilib boshlangan. Bugun “Guliston” deb ataluvchi barcha qulayliklarga ega shaharchadagi 61 ta ko‘p qavatli binoda 2700 dan ziyod aholi istiqomat qilmoqda.

–2022 yili bu yerda 800 dan ortiq, 223 yilda esa 285 ta xonadon sotildi. 2023 yil noyabr oyiga kelib ular to‘liq sotib tugatilgan, – deydi tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i Zaylobiddin Xidirov.

–Odamlar mazza qilib yashayapti. Nimaga desangiz gaz, suv, elektr doim ta’minlangan, – deydi “Guliston” MFY raisi Foziljon Halimov. –Agar bu yerga yana uylar quriladigan bo‘lsa, odamlar albatta bajonudil sotib olishadi.

Ha, Bag‘dod tumanida 2024 yilda uylik bo‘lish orzusidagi odamlar oz emas.

–Bugun o‘sha uylarga odamlar muhtoj. Qani, shunaqangi uy bo‘lsa olaman deb kelayotganlar bor. Uy-joy olaman deb mablag‘ jamg‘arib yurganlar bor, – deydi To‘lqinoy Tojiyeva. –O‘sha ijara kompensatsiyasi to‘lab bergan ayollar ham aslida uysiz ayollar.

–O‘zimda uyga ehtiyojim bor. Sifatli uy bo‘lsa, ichi keng, bitta oila bemalol joylashsa hamma oladi, – deydi talabgor Zilola Mirzayeva.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/M-e8Gg5WnZI" title="BAGʻDODDA NIMA GAPLAR?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></ifram

–Odamlarda ehtiyoj rosa ko‘p. O‘zim “dom”da turaman. O‘sha joyda ham qancha odamlar uy ahtaryapti,– deydi yana bir suhbatdoshimiz Hamida Teshaboyeva. –Bir ikki yil ichida Bag‘dodda “dom”lar qurilganini eshitganim yo‘q. Agar qurilsa, mening ham ehtiyojim bor sotib olamiz.

Muhammadjon Obidov,

Elyor Olimov (video), O‘zA