Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bag‘dodda arab sammiti boshlandi
22:43 / 2025-05-17

UNA-OIC xabar berishicha, Iroq poytaxti Bag‘dod shahrida Arab davlatlari ligasi 34-sammiti ish boshladi. Anjuman G‘azo sektorida davom etayotgan qurolli mojaro, o‘t ochishni to‘xtatish va Falastin anklavi vayron bo‘lgan infratuzilmasini tiklash yo‘lidagi sa’y-harakatlar muhokamasiga bag‘ishlangan.

Faxriy mehmonlar - BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches. Asosiy ishtirokchilar esa - Arab Ligasi aksar davlatlari yetakchilari va vakillari, jumladan Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh As-Sisiy, Falastin yetakchisi Mahmud Abbos, Somali rahbari Hasan Shayx Mahmud, Iordaniya Bosh vaziri Ja’far Hasan, Livan Bosh vaziri Navof Salom.

Tadbirni Bahrayn tashqi ishlar vaziri Abdullatif Az-Zayoniy rasman ochib berdi. U mamlakati G‘azoni qayta tiklashda ishtirok etish va sulh bitimini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Iroq Prezidenti Abdullatif Rashid “davom etayotgan Isroil tajovuzi”ni qoralab, falastinliklar majburan ko‘chirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi zarurligini ta’kidladi. Ushbu davlat Bosh vaziri Muhammad Shia As-Sudaniy vayron bo‘lgan infratuzilmani qayta tiklash uchun arab fondi tashkil etilishi, Iroq G‘azo va Livanga yordam ko‘rsatish jamg‘armasiga 20 million dollar ajratishini e’lon qildi.

Janob Guterrish “Falastin xalqi jamoaviy jazolanishini hech nima bilan oqlab bo‘lmasligi”ni ta’kidladi va har qanday ko‘chirilish shakliga qarshi chiqdi.

Misr Prezidenti As-Sisiy Isroilni “tizimli jinoyatlar”da aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qohira Qatar va AQSH vositachiligida sulh tuzish bo‘yicha sa’y-harakatni davom ettirmoqda, sektorni tiklashga qaratilgan xalqaro konferensiya o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Falastin Prezidenti Mahmud Abbos G‘azo ustidan nazoratni Falastin ma’muriyatiga topshirishga chaqirdi.

Ishtirokchilar o‘t ochishni to‘xtatishga erishish, mintaqada urushdan keyingi tiklash jarayonini boshlashga tayyorliklarini bildirishdi.

Eslatib o‘tamiz, olti haftalik sulhdan so‘ng Isroil mart oyida G‘azo sektorini yana to‘liq qamal qilib, jangovar harakatni qayta boshlagan. May oyida Gideon aravalari nomli amaliyotni kengaytirish rejasi tasdiqlangan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA