Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bag‘dodda 22 nafar yetim bola uy-joyli bo‘ldi
08:57 / 2021-11-12

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanining “Mehnatobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida boquvchisini yo‘qotgan 8 ta oila uchun yangi hovli-joy qurildi. Ushbu oilalarda jami 22 nafar yetim bolalar voyaga yetmoqda. Uylarning o‘z eaglariga topshirilishi katta shodiyonaga aylandi.

– Tumanimiz hokimi kunda-kunora kelib, qurilish ishlarining sifatli bajarilishini nazorat qilib bordi. Hasharchilarni baholi qudrat qo‘llab-quvvatlab, munosib rag‘batlantirib turdi. Yaratganga shukr, boshlagan xayrli ishimiz juda chiroyli yakun topdi. Ushbu loyihada ishtirok etgan, moddiy-ma’naviy jihatdan yordam bergan barcha yurtdoshlarimizga mingdan-ming rahmat aytaman, – deydi tuman bosh imom -xatibi Sohibjon Ahmedov.

Yoqutxon opa Teshaboyeva bundan 13 yil oldin turmush o‘rtog‘idan ayrildi. 4 nafar murg‘ak farzandini bag‘rida ulg‘aytirgan opa o‘shandan buyon uysiz, sarson-sargardon edi.

– Juda og‘ir kunlarni boshdan kechirdim, – deydi u. – O‘shanday kunlarni dushmanimgayam ravo ko‘rmayman. Ishonsangiz, 13 yil ichida ijarama-ijara yashab, ro‘zg‘or uchun 4 so‘m pul orttirolmadim. Onaman – sezaman, bolalarim o‘zimga bildirishmaslikka urinadilar-u, lekin ko‘chadagi tengqurlari davrasida rosayam qimtinib katta bo‘ldi. Sabrda gap ko‘p ekan mana, shuncha yillik azob-uqubatlarimiz tugab, yangi uyga erishdik. Shu ishga bosh qo‘shgan yaxshi insonlardan Allohim rozi bo‘lsin. Topgani to‘ylarga buyursin.

Yoqutxon opa va uning farzandlari uchun mo‘ljallangan 3 xonali, peshayvonli muhtasham uy milliy andozalarni o‘zida jamlagan: tandir-o‘choq, 30 bosh parrandaga boshpana bo‘lgan tovuqxona, chog‘roqqina bo‘lsa-da tomorqa – barchasi xonadon egalarining farovon turmushiga asqotadi.

– Qurilgan 8 ta uyning barchasida mana shunaqa qulayliklar bor, – deydi loyiha tashabbuskorlaridan biri Nosirjon Usmonov. – Bulardan tashqari, har bir xonadon zarur mebel jihozlari, ko‘rpa-yostiqdan tortib idish-tovoqlarigacha to‘liq ta’minlab berildi. Va yana, 30 boshdan tovuq, 500 kilodan ko‘mir, 1 oyga yetgulik oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Umuman olganda, yangi uyga ko‘chib o‘tgan 8 ta oila hech kimdan kam bo‘lmasdan yashashi uchun hamma sharoit bor. Loyihani amalga oshirishda saxovatpesha insonlarning yordami katta bo‘ldi.

Tashabbuskorlarning ma’lum qilishicha, “8 jannat eshigi” nomini olgan ushbu ko‘chani asfaltlashtirish, har bir xonadonga imtiyozli narxda WI-FI o‘rnatish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

 

M. Sulaymonov, O‘zA