Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Badminton: Toshkentda Markaziy Osiyo chempionlari aniqlanmoqda
15:25 / 2025-09-19

Shu kunlarda poytaxtimizda badminton bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionati bahslari bo‘lib o‘tmoqda.

Badminton chempionati shunchaki musobaqa emas, bu O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasi, Turkmaniston, Eron va Mo‘g‘uliston yoshlarini birlashtiruvchi, ular o‘rtasida samimiy do‘stlik aloqalarini mustahkamlovchi, yoshlarni sport bilan shug‘ullanish va sog‘lom turmush tarziga undovchi muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.

Chempionatning ochilish marosimida ishtirok etgan Badminton Osiyo taraqqiyot qo‘mitasi raisi Vajid Ali Chaudhariy, sport vaziri Adham Ikromov, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri, O‘zbekiston badminton federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov va Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov U15, U17 va U23 yosh toifalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo chempionati mahoratli sportchi yoshlarni kashf etishi bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston Badminton Federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan ushbu musobaqa mintaqadagi eng yirik turnirlardan biri sifatida tarixga kirishi shubhasiz. Negaki, mazkur chempionatda 7 ta davlat: O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Eron va Mo‘g‘ulistonning eng kuchli badminton ustalari U-23, U-17 va U-15 yosh toifalarida ishtirok etmoqda.

Dastlab U15, U17 va U23 yosh toifalarida jamoaviy bahslar o‘tkazildi. Guruh bosqichi va pley-off o‘yinlari murosasiz kechdi.

O‘zbekiston terma jamoasi birinchi kunda barcha yosh toifalarida dastlabki bahslarda g‘alaba qozondi. Xususan, U15 yosh toifasida "B" guruhidan o‘rin olgan hamyurtlarimiz Turkmaniston terma jamoasini umumiy 5-0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, U17 yosh toifasida Mo‘g‘uliston xuddi shunday hisobda mag‘lub etildi. Shuningdek, U23 yosh toifasida ham turkmanistonlik badmintonchilarga qarshi o‘ynagan sportchilarimiz 5-0 hisobida zafar quchdi.

Chempionatning ikkinchi kunida guruh o‘yinlari doirasida U15 yosh toifasida "A" guruhida Qozog‘iston terma jamoasi Qirg‘iz Respublikasini 5-0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, O‘zbekiston Tojikiston jamoasini xuddi shu hisobda ortda qoldirdi. U17 yosh toifasida esa "A" guruhida Qozog‘iston Tojikistonni 3-2, "B" guruhida O‘zbekiston Qirg‘iz Respublikasini 5-0 hisobida mag‘lub etdi. U23 yosh toifasida "B" guruhida sportchilarimiz tojikistonlik badmintonchilar ustidan 5-0 hisobida g‘alaba qozondi.

[gallery-25362]

Pley-off bosqichi ham murosasiz kechdi. Qozog‘iston terma jamoasi U15 yosh toifasida Tojikistonni 3-0, U17 yosh toifasida Mo‘g‘ulistonni 3-0, U23 yosh toifasida esa Tojikistonni 3-0 hisobida yengib, finalga chiqdi. O‘zbekiston terma jamoasi U15 yosh toifasida Mo‘g‘ulistonni 3-0, U17 yosh toifasida 3-1, U23 yosh toifasida esa Qirg‘iz Respublikasini 3-0 hisobida ortda qoldirdi.

Kecha o‘tkazilgan tantanali ochilish marosimi davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari o‘rtasida barcha yosh toifalarida final bahslari bo‘lib o‘tdi.

Bugun, 19 sentyabrdan chempionatning yakka tartibdagi bahslariga start berildi.

Musobaqalar 22 sentyabrga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, A.Mamadaminov (foto), O‘zA