O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan "Parkent ijod uyi"da Respublika tarjimonlar forumi o‘z ishini boshladi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 iyundagi “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.
Forumga badiiy tarjima sohasida mehnat qilayotgan ijodkorlar, ustozlar, yoshlar taklif etildi.

– Badiiy tarjima sohasiga Prezidentimiz tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, atoqli shoir va jurnalist Minhojiddin Mirzo. – Bu borada qabul qilingan qaror soha rivojida yangi istiqbollarni ochib beradi. Unga ko‘ra, yurtimizda tarjimonlar uchun Ogahiy nomidagi xalqaro tanlov e’lon qilindi. Tanlovga o‘zbek adabiyoti nasriy asarlaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima, o‘zbek adabiyoti she’riy asarlaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima, o‘zbek bolalar adabiyoti namunalaridan xorijiy tillarga o‘girilgan eng yaxshi tarjima, xorijiy tillarda yaratilgan nasriy asarlardan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima, xorijiy tillarda yaratilgan she’riy asarlardan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima, chet tillarda yaratilgan bolalar adabiyoti namunalaridan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima namunalari qabul qilinadi. Bu esa adabiyotimizni jahon miqyosiga olib chiqishda katta ahamiyat kasb etadi.
Forumda o‘zbek adabiyotini jahonda targ‘ib qilish ishiga munosib hissa qo‘shayotgan qator xorijiy ijodkorlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga faxriy a’zo etib qabul qilindi. O‘zining ijodiy faolligi bilan adabiy jamoatchilik nazariga tushgan bir guruh tarjimonlarga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zolik guvohnomalari topshirildi.
Tarjimonlar anjumanida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori, navoiyshunos olim Olimjon Davlatov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, atoqli adabiyotshunos olim, tarjimon Zuhriddin Isomiddinov, afg‘onistonlik tilshunos olim, publitsist Azizullo Orol va boshqalar tarjimashunoslik sohasining bugungi dolzarb masalalari xususida batafsil so‘z yuritdi.
Forumda “Turk va ozarbayjon she’riyatidan tarjimalar”, “Sahna asarlari tarjimasining o‘ziga xos jihatlari”, “Xorijiy tillardan tarjima muammolari”, “Badiiy film dublyaji uchun tarjima qilishning o‘ziga xos tomonlari”, “Bolalar she’riyati tarjimasi masalalari”, “Zamonaviy o‘zbek she’riyatining qay jihatlari turk o‘quvchisini jalb qiladi?” mavzusida davra suhbati, seminar va mahorat saboqlari, ijodiy suhbatlar o‘tkazilmoqda.
Mahorat saboqlarini taniqli tarjimonlar Tohir Qahhor, Muhiddin Omon, Shermurod Subhon, Begoyim Xolbekova o‘tkazmoqda.
Badiiy tarjimaning turli yo‘nalishlari borasida Olimjon Salimov, Azizulloh Orol, Lola Yunus qizi, Kavsar Turdiyeva, Iqbol Qo‘shshayeva, Rahmat Bobojon, Bahodir Otashning ijodiy ma’ruzalari tinglandi.
Aytish kerakki, 2025 yil badiiy tarjima sohasida katta yangiliklar bilan boshlandi. Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanlovi e’lon qilindi. Qirg‘izistonda Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani qirg‘iz tilida chop etildi. Moskvada XX-XXI asr milliy she’riyatimizning 122 vakili asarlari jamlangan “O‘zbek she’riyati antologiyasi” (“Antologiya uzbekskoy poezii”) kitobining 3-jildi nashr qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 7 fevraldagi “Buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy ijodiy merosini yurtimiz va jahon miqyosida keng targ‘ib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida buyuk mutafakkir shoir asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilib chop qilish ishlari boshlab yuborilgan. 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan tarjima reja-jadvali ishlab chiqildi. Tarjimonlar guruhi tarjima qilinuvchi tillar va janrlar kesimida shakllantirilmoqda, tarjimonlar bilan ishlovchi maslahatchi adabiyotshunos olimlar guruhi tashkil etilmoqda.
“Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” 100 jildlik asarlar majmuasini nashr qilish ishlariga tayyorgarlik davom etmoqda. Bu majmuaga jahonning beshta qit’asi – Osiyo, Yevropa, Afrika, Avstraliya va Amerika qit’asi bolalar yozuvchilarining asarlari kiritiladi. Hozirga qadar 5 ta qit’adagi 65 ta davlatda istiqomat qiluvchi 345 muallifning asarlari 100 jildlik loyihasiga kiritildi.
Ayni damda Ogahiy nomidagi mukofot tanloviga asarlar qabul qilinmoqda. Tanlov sayti ishga tushirilgan. Mukofotga nomzodlarning tarjimai holi, taqdim etilgan asarlar haqidagi ma’lumotlar ushbu saytga joylashtirib boriladi.
"Parkent ijod uyi"da tashkil etilgan Respublika tarjimonlar forumi amalga oshiriladigan ishlarni rejalashtirib olish, oldinda turgan vazifalarni muhokama qilib, yechimlar topishda muhim bosqich vazifasini o‘taydi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri