Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Badiiy tarjima kengashi 2025-yilda qanday ishladi?
19:38 / 2026-02-27

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Badiiy tarjima kengashining 2025-yil faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda kengash a’zolari, tarjimonlar ishtirok etdi.  

Yig‘ilishda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, shoir G‘ayrat Majid milliy tarjima sohasiga qaratilayotgan e’tibor o‘zbek ijodkorlarning asarlarini dunyo miqyosida tanishtirishda, jahon qalamkashlarining ijod namunalarini esa yurtimiz kitobxonlari e’tiboriga havola etishda muhim ahamiyat kasb etayotganini e’tirof etdi.  

Kengash raisi Zuhriddin Isomiddinov hisobot uchrashuvini kun tartibidagi masalalar bilan tanishtirdi.  

[gallery-27899]

Unda Doston Ahmatovning “2025-yilda chop etilgan tarjima kitoblar tahlili”, Nodirabegim Ibrohimovaning “2025-yilda internet tarmog‘ida e’lon qilingan tarjimalar tahlili”, Zohidjon Sodiqovning “Jahon adabiyoti” jurnali 2025-yilda”, Begoyim Xolbekovaning “O‘zbek adabiyoti xorijiy tillarda. 2025-yilga nazar”, Rahmat Bobojonning “O‘zbek adabiyotining turk va ozarbayjon tillariga, turk va ozarbayjon adabiyotining o‘zbek tiliga tarjimasi. 2025-yildagi ahvolga nazar”, Ergash Ochilning “Fors-tojik adabiyotidan o‘zbek tiliga tarjima tahlili (2025-yil)”, Risolat Haydarovaning “2025-yilda o‘zbek nasridan rus tiliga qilingan tarjimalar”, Komil Tursunboyevning “2025-yil kino dublyajidagi yangiliklar” mavzularidagi maruzalari tinglandi.

Dastavval kengashi raisi o‘tgan yildagi faoliyat to‘g‘risida axborot berdi.  

–  2025-yilning eng katta voqeasi Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotning birinchi sovrindorlari nomi e’lon qilingani bo‘ldi, – dedi Zuhriddin Isomiddinov. – Yil davomida ushbu xalqaro mukofot tanlovini o‘tkazish bilan bog‘liq katta ishlar amalga oshirildi. G‘oliblarga ko‘krak nishoni, diplom va bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari, rag‘batlantiruvchi mukofot sohiblariga esa faxriy yorliq va diplom va bazaviy hisoblash miqdorining 55 baravari miqdorida pul mukofoti topshirildi.

Hisobot yig‘ilishida Koreya Respublikasining Kemyong universiteti professori Kim Chung Sun tomonidan o‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani koreys tiliga tarjima qilinib, nashr ettirilgani ham aytib o‘tildi.  

Yig‘ilish yakunida ma’ruzalar muhokama qilindi va kengashning joriy yildagi rejalari belgilab olindi.

N.Usmonova, O.Pardayev (surat), O‘zA