Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Badiiy tarjima – adabiyot ravnaqining muhim kaliti
11:36 / 2025-12-25

Badiiy tarjima tarjimondan adabiyot, xorijiy tillar, tilshunoslik bo‘yicha bilimdonlik bilan birga, zahmatli mehnatni talab etadi. Sababi, tarjimon o‘zi o‘girayotgan asar muallifi uchun ham, tarjima qilinayotgan xalq tili va mentalitetini o‘ylab ham, shuningdek til va mantiq qonuniyatlariga mos tarzda bunday o‘ta mas’uliyatli ijodiy faoliyatga yondashishi kerak bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan so‘z san’atiga qaratilayotgan e’tibor, badiiy tarjimani rivojlantirish, uning o‘ziga xos ijodiy maktab va an’analariga e’tibor qaratish, o‘zbek tilidagi eng sara asarlarni dunyo tillariga tarjima qilish, jahon adabiyotining eng sara namunalarini ona tilimizga o‘girish borasidagi ezgu tashabbuslari adabiyotimizda yangicha voqelik bo‘ldi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori, Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotning ta’sis etilishi adabiyot uchun ham, ijodkorlaru kitobxonlar uchun ham birdek manfaatli bo‘ldi. Aytish joizki, ushbu mukofot Muhammad Rizo Ogahiy nomi bilan bog‘liqligining o‘ziga xos ma’nosi bor, albatta. Zero, Ogahiy shoir, tarixchi, mohir tarjimon sifatida milliy adabiyotimizda nom qozongan ijodkor.

Poytaxtimizdagi “Renessans” kino uyida mazkur nufuzli mukofot sohiblarini taqdirlash marosimi chin ma’noda adabiyot bayrami sifatida o‘tkazildi.  

Mazkur mukofot uchun o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra, o‘zbek adabiyotining nasriy asarlaridan xorijiy tillarga tarjima yo‘nalishida Said Mahmud Said Mubashir (Saudiya Arabistoni) o‘zbek adabiyotining she’riy asarlaridan xorijiy tillarga tarjima yo‘nalishida Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romani (arab tiliga tarjimasi) uchun munosib ko‘rildi. Ushbu asar bevosita o‘zbek tilidan o‘girilgan bo‘lib, 2024 yilda Saudiya Arabistonida chop etilgan.  

O‘zbek adabiyotining she’riy asarlaridan xorijiy tillarga tarjima yo‘nalishida 2022-2024 yillarda Moskvada chop qilingan “Antologiya uzbekskoy poezii” 3 jildlik majmuasi uchun Mixail Sinelnikov boshchiligidagi guruh (Rossiya) g‘oliblikka loyiq deb topildi.  

O‘zbek bolalar adabiyoti namunalaridan xorijiy tillarga tarjima yo‘nalishida Shamenaz Bano (Hindiston) g‘olib bo‘ldi. U Anvar Obidjonning “Meshpolvon” qissasini hind tiliga tarjima qilgan. Kitob 2025 yilda Hindistondagi “Creative Print Media. Inc”  nashriyotida chop etilgan.

Jahon adabiyotidan o‘zbek tiliga tarjima yo‘nalishida O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim, akademik, ustoz ijodkor Ibrohim G‘afurov  Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” romanining o‘zbek tiliga tarjimasi uchun sazovor bo‘ldi. Kitob 2021 yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan.

Xorijiy tillarda yaratilgan she’riy asarlardan o‘zbek tiliga tarjima yo‘nalishida taniqli shoir Abdulla Sher Anna Ahmatovaning “Oq tun” she’riy to‘plami uchun sazovor bo‘ldi. “Rus adabiyoti durdonalari” majmuasida chop etilgan ushbu to‘plam 2021 yilda “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijod uyi tomonidan  nashr etilgan.  

–Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” asari arab mamlakatlarida O‘zbekistonning boy tarixini ko‘rsatishda o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi, – dedi tarjimon Said Mahmud Said Mubashir – (Saudiya Arabistoni). – Arab mamlakatlarida o‘zbek adabiyotiga oid asarlar ham, ma’lumotlar ham juda kam. Ayniqsa, XIX asr adabiyotiga doir ma’lumotlar yo‘q. Shu sababli Qodiriy asarini arab tiliga tarjima qilishni maqsad qilgandim. Shu kunlarda Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asari hamda Fitratning “Hind sayyohining qissasi” asari ustidagi ishlarni yakunlayapman.

–Ushbu mukofotni olganimdan g‘oyat mamnunman, – dedi hindistonlik tarjimon Shamenaz Bano.– Anvar Obidjon asarining uslubi menga juda yoqdi. Sababi, bu asar bolalarning beg‘ubor dunyosiga uyg‘un tarzda yaratilgan. Kelgusida Alisher Navoiy asarlarini ham tarjima qilish niyatim bor.  

–Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotning ta’sis etilishi tarjima sohasida halol ijodni rag‘batlantirish va rivojlantirish, jamiyat rivoji uchun yangi asarlarni taqdim etish, adabiyot ravnaqiga, O‘zbekistonning xalqaro miqyosda obro‘si va nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi, – dedi atoqli ijodkor va tarjimon Tohir Qahhor. – Aslida san’at, adabiyot, ijod ham bir musobaqa. Unda ijodkor qanchalik halol bo‘lsa, shuncha ko‘p  yutuqlarga erishadi.  

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotning ta’sis etilgani milliy va jahon adabiyotini ravnaq toptirish, ijod ahlini rag‘batlantirish yo‘lida muhim qadamdir.  

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri