Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Badiiy ta’lim yo‘nalishlarida pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish markazi ochildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari, taniqli rassomlar, professor-o‘qituvchilar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Marosimida so‘z olgan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, akademik, O‘zbekiston xalq rassomi A. Nuriddinov mamlakatimizda tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn sohasini yanada rivojlantirish, milliy merosimizni tiklash, soha rivojiga katta hissa qo‘shgan atoqli rassom va xalq ustalari xotirasini abadiylashtirish, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida qator islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
[gallery-5958]
Markaz davlat oliy va professional ta’lim muassasalari, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlar, bolalar musiqa va san’at maktablarining tasviriy va amaliy san’at, dizayn, san’atshunoslik hamda muzeyshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha pedagog va mutaxassis kadrlarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan ilmiy-metodik va davlat ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, ushbu muassasa yurtimiz tasviriy va amaliy san’atini yanada rivojlantirish hamda ijodkorlarning badiiy salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, jahondagi yetakchi badiiy ta’lim yo‘nalishidagi ta’lim muassasalari, tashkilotlar, atoqli madaniyat va san’at arboblari bilan ilg‘or tajribalar almashish maqsadida har tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish kabi vazifalarni ham bajaradi.
Joriy yilda markazda oliy ta’lim yo‘nalishida 36 nafar, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlari bo‘yicha 177 nafar, bolalar musiqa va san’at maktablaridan 300 nafar, jami 513 pedagog-kadrning malakasini oshirish rejalashtirilgan.
Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov (surat) O‘zA