Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Badiiy ta’lim rivojiga qaratilayotgan e’tibor samarasi
16:34 / 2021-04-23

Tasviriy va amaliy san’at festivali doirasida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida bo‘lib o‘tgan tadbirlar soha mutaxassislari, ijodkor yoshlar, san’at ixlosmandlari uchun unutilmas voqelikka aylandi. Bu tadbirlarda tasviriy va amaliy san’at, dizayn sohasi vakillari, talabalar o‘z ijod namunalarini keng jamoatchilik ko‘rigidan o‘tkazgan bo‘lsa, ilmiy-tadqiqot olib borayotgan mutaxassislar o‘z bilim va tajribalarini boyitish imkoniga ega bo‘ldi.

Dastlab institutda taniqli ijodkorlar hamda iste’dodli talaba-yoshlarning asarlari jamlangan «Barhayot an’analar» nomli amaliy san’at asarlari ko‘rgazmasi namoyish etildi.  

Ko‘rgazmadan tasviriy va amaliy san’at namunalari keng namoyish etildi.  

Yoshlarga yurtimizdagi ulkan o‘zgarishlarning mohiyatini yanada kengroq tushuntirish,  ularni ijodiy asarlarida aks ettirishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan «Tamaddun bunyodkorlari» nomli ko‘rik-tanlov ham o‘ziga xos loyiha bo‘ldi. Unda  ijodiy ishlari eng yaxshi deb topilgan ishtirokchilar taqdirlandi.

 – Bugun men uchun juda ham quvonchli kun, – dedi institutning 1-bosqich talabasi Fazliddin Anvarov. – Sababi, raqobat yuqori bo‘lgan mazkur tanlov g‘olibiga aylandim. Prezidentimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasini har qadamda his qilmoqdamiz. Ayniqsa, ijodkorlarga o‘z iste’dodini namoyon qilishlari, jahon va o‘zbek san’ati yangiliklaridan xabardor bo‘lishlari uchun barcha imkoniyat yaratilgan. O‘z navbatida, ijodkor yoshlar ham mazkur e’tiborga munosib bo‘lgan holda, yurtimiz san’atini dunyoga tanitish, bugungi o‘zgarishlarni o‘z ijodimizda aks ettirishimiz kerak.

Institut talabalari tomonidan tayyorlangan milliy an’analar hamda zamonaviy uslublarning o‘zaro uyg‘unligini o‘zida aks ettirgan liboslardan iborat «Zamonaviy va an’anaviy liboslar» nomli modalar namoyishi tadbir mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 2 martdagi  farmoyishiga asosan “Badiiy ta’limda innovatsion jarayonlar: rivojlanish strategiyasi, nazariyasi va amaliyoti” mavzusida xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiya ham ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.  

Anjumanning asosiy maqsadi ilm-fan hamda badiiy ta’limni rivojlantirish, yurtimizda olib borilayotgan keng islohotlarning tasviriy va amaliy san’atda aks etishini tahlil qilish, san’atimizni  xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratildi.  

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuridinov, institut rektori N.Sayfullayev bugun badiiy ta’limda ham innovatsion yangiliklar joriy etilayotgani, bu borada jahon tajribasi asosida yurtimizda ko‘plab yangilanishlar amalga oshirilayotgani, ushbu konferensiya esa bu o‘zgarishlarni yangi pog‘onaga olib chiqish uchun muhim asos bo‘lishini ta’kidladi.

Anjumanda yurtimiz san’atshunoslari va yosh olimlari bilan birga  Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Avstraliya, Turkiya, Ozarbayjon, Tailand, Armaniston, Qirg‘iziston  kabi o‘ndan ortiq davlatlardan olimlar va tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi.  

– So‘nggi to‘rt yil davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jahon hamjamiyati tomonidan alohida e’tirof etilmoqda,  – dedi ozarbayjonlik olima Nargiz Aliyeva. – Ayniqsa, xalqaro hamkorlik tobora kengayib bormoqda. bugungi konferensiya ham O‘zbekistonning san’ati va madaniyati hamda  boshqa sohalar qatori dunyo san’ati bilan faol integratsiyalashayotganidan  dalolatdir.

Mazkur konferensiya institutning ilmiy-tadqiqotlar sifat darajasini oshirish, badiiy ta’lim tizimining o‘ziga xosligini belgilovchi ijtimoiy-madaniy jarayonlarga innovatsiyalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etdi.

 

    N.Usmonova, O‘zA