Istiqlolning yettinchi yili mamlakatimizda badiiy ta’lim taraqqiyoti va rivojiga xizmat qiladigan jiddiy hodisa ro‘y berdi. Shu yili O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashkil etildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasining tashkil etilishi yurtimizda badiiy ta’lim hamda tasviriy va amaliy san’at rivoji uchun tashlangan dastlabki qadam edi. Badiiy akademiya tashkil etilishi bilan uning tarkibiga hozirgi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tasviriy va amaliy san’atga ixtisoslashtirilgan jami 15 maktab va maktab-internati kiritildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasviriy va amaliy san’at, dizayn yo‘nalishlarini rivojlantirish, badiiy ta’limning izchilligini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalarni hal etishga vakolatli bo‘lgan davlat muassasasi sifatida 12 ta ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati, 3 ta ixtisoslashtirilgan san’at maktabi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Badiiy ta’lim yo‘nalishlarida pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish markazi hamda rassomlik mahorat ustaxonasi (oliy rassomlik kursi) faoliyatini muvofiqlashtiradi. Bunda ta’limning deyarli barcha turi: umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim, professional ta’lim, oliy ta’lim, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududlar kesimida qamrab olingan.
O‘zbekistonda badiiy ta’lim rivojlanish davrining navbatdagi bosqichini hamda tasviriy va amaliy san’at sohasini modernizatsiya qilish jarayonlarini Prezidentimizning 2020 yil 21 apreldagi “Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori belgilab berdi. Mazkur hujjat bilan soha samaradorligini oshirishga doir bir qancha chora-tadbirlar belgilangan. Badiiy ta’lim samaradorligini oshirish uchun tizimda tub o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Jumladan, oliy ta’lim muassasalarida tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishidagi iqtidorli va ijodkor talabalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash hamda munosib taqdirlash maqsadida Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etildi. Badiiy ta’lim tizimida malakali kadrlar tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, tasviriy va amaliy san’at, dizayn, san’atshunoslik hamda muzeyshunoslik yo‘nalishlaridagi pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Badiiy ta’lim yo‘nalishlaridagi pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish markazi tashkil qilindi.
Ijodkor yoshlarni tasviriy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha jahon ta’lim standartlariga muvofiq chuqurlashtirilgan holda o‘qitish, yuksak estetik va badiiy salohiyatga ega bo‘lgan san’at asarlarni yaratish, mustaqil ijod qilishlari uchun sharoitlar yaratish yo‘lida oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimida tayyorgarlik bosqichi sifatida Rassomlik mahorat ustaxonasi (oliy rassomlik kursi) tashkil etildi. Badiiy akademiya tasarrufidagi ta’lim muassasalarida etika va estetika fanlari joriy etilib, o‘qitilishiga jiddiy e’tibor qaratildi.

Toshkent viloyati Nurafshon shahrida Badiiy akademiya tizimida maktab-internat tashkil etiladi. Yana bir yangilik shuki, Respublika va xalqaro tanlovlar g‘oliblariga tasviriy va amaliy san’at, dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilish amaliyoti bekor qilindi. Muhim o‘zgarishlardan yana biri - noyob iste’dod va mahorat egalari uchun imtiyozlar joriy etilgani bo‘ldi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 yanvardagi “Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti faoliyatini yanada takomillashtirish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida faoliyat yuritib kelayotgan professor-o‘qituvchilarning ijodiy faoliyati natijalari “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi”, “O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zosi” faxriy unvonlari — professor ilmiy unvoniga, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi», «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» faxriy unvonlari — dotsent ilmiy unvoniga tenglashtirildi.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 8 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oliy ta’lim muassasalarining ta’lim berish jarayoniga noyob iste’dodli va mahoratli mutaxassislarni jalb etishga doir o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasviriy va amaliy san’at sohasida oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, biroq o‘zining noyob iste’dodi va mahorati bilan tanilib, xalq e’tirofiga sazovor bo‘lgan “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvonlariga ega bo‘lgan shaxslarga oliy ta’lim muassasalarida istisno tariqasida dars berish huquqi berildi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2018 yil 28 iyundagi tegishli qarori bilan oliy ta’lim muassasalarida tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarning ijodiy ishlari ilmiy unvon olish uchun talab etiladigan ilmiy maqolalarga hamda ijodiy ishlari katalogi o‘quv qo‘llanmaga tenglashtirildi. Shuningdek, mazkur qaror bilan OTMda tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarga professor ilmiy unvoni berishda sohaga oid talablar belgilandi.
Ta’kidlash kerakki, yoshlarni mutaxassislik fanlari bo‘yicha chuqurlashtirilgan va kasbga yo‘naltirilgan holda o‘qitish, ularning intellektual jihatdan kamol topishini va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash hamda yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash badiiy ta’limning bosh maqsadi hisoblanadi. Mazkur maqolada sanab o‘tilgan voqeliklar, o‘zgarishlar Badiiy ta’limning rivojini tasdiqlamoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, san’at sohasiga qaratilayotgan e’tibor tufayli ilmiy ijodiy ishlarda ham salmoqli o‘sish bo‘ldi. Keyingi yillarda tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishidagi ijodkorlarning milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini tarannum etuvchi yuksak darajadagi yorqin san’at asarlarini yaratish, tarixiy-madaniy boyligimizning bir qismi bo‘lgan noyob san’at turlarini saqlab qolish hamda avlodlarga yetkazishda katta qadamlar qo‘yildi.
Kamol Elmirov,
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari.