Ma’lumki, tasviriy san’at qadriyat, fazilat, ezgulik, olijanoblik, do‘stlik, hamjihatlik, ma’naviy yetuklik kabi umuminsoniy g‘oyalarni targ‘ib etadi. Ayni paytda bugun O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zolari orasida madaniyatimizning ardoqli namoyandalari bo‘lgan ustoz rassomlar talaygina. O‘zbekiston xalq rassomi, Rossiya Badiiy akademiyasining faxriy akademigi Alisher Mirzayev ham shular jumlasidan. Bugungi suhbatimiz olamni ranglar va obrazlar orqali tasavvur qiluvchi rassom va adib bilan.
–Bilamizki, san’at estetika, tarbiya, ma’naviyat, adabiyot, tabiat, musiqa, madaniyat, umuman barcha fanlar bilan bog‘liq. Sizningcha, san’at o‘zi nima?
– San’at, xususan, tasviriy san’at odamzotni mukammallikka yetaklovchi go‘zallikdir. She’riyat so‘z, musiqa, ohang orqali yuraklarga nafosat, samimiyat tuyg‘ularini singdirsa, tasviriy san’at bu vazifani rangtasvir vositasida ado etadi. Chinakam tasviriy san’at asarida tabiatning go‘zal shakllari, inson qalbining ehtirosli kechinmalari va munosabatda yotgan o‘ziga xos go‘zalliklar ifodalanadi. Ko‘chirish, borliqni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasvirlash tom ma’nodagi chinakam san’at emas. Buni foto san’ati desa to‘g‘ri bo‘ladi.
San’at – bu go‘zallik. Go‘zallik esa tafakkurni boyitadi, junbushga keltiradi. San’atsiz hayot – vahshiylik deyilishining sababi ham shunda. Nafsning quliga aylanish, “kunim o‘tdi, shukrona bildiraman” qabilida yashash noto‘g‘ri. Tasviriy san’atdan uzoq yashash xuddi musiqadan bebahra qolish kabi ayanchlidir. Musiqaning sehrli notalarisiz yashab bo‘larkanmi? San’at odamzot ruhiyatini kamolga yetkazishda bebaho ahamiyatga ega bo‘lgan sehrli ummon. Bu ummon qudratini his qilmoq uchun kishida Xudo bergan iqtidor barobarida chuqur ilm va ijodiy salohiyat bo‘lmog‘i lozim. San’at – bu Pikasso, san’at – Axmarov, san’at – Jalolov...
– Oilangizda rassomlar bo‘lganmi?
– Oilamizda rassom bo‘lmagan. Ammo tog‘am chinni zavodida rassom bo‘lib ishlaganlar. Sohaga qiziqishimda tog‘amning ta’siri bo‘lgan bo‘lishi kerak. Chunki, bolaligimda tog‘amning chinni buyumlarga chizgan rasmlarini, chizmalarini ko‘rganimda ichimda havas uyg‘ongan. Shu qiziqishim Labzakdagi Nikolay Ostrovskiy nomli pionerlar saroyiga yetaklagan. O‘shanda 4-sinfda o‘qir edim. Birinchi rasmlarni Pushkin ertaklari ta’sirida chizganman. Rassom bo‘lishimda shu to‘garakning o‘rni, ustozlarimning o‘giti va do‘stlarim Javlon Umarbekov, Bahodir Jalolovlarning o‘rni katta bo‘lgan.
– Qaysi rassomlarni o‘zingizga ustoz deb bilgansiz?
– Bilim yurtida V.G.Perov degan mashhur rassom bo‘lardi. Men bu insondan juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. Keyin Moskvaga borib taniqli rassomlardan saboq oldim. Akademik rassomlar bilan ota-o‘g‘il tutindim. Shunday azizlardan biri Dmitriy Jilinskiy edi. U kishi umrining oxirigacha ishlarimni kuzatib, baholab turdi. Dmitriy Dmitriyevich bir kuni menga Kopengagendan qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Domla Margarit II ning portretini chizayotgan ekanlar. “Seni tabriklayman”, - dedi kutilmaganda ustoz. “Kecha Rossiya Akademiyasining faxriy akademigi bo‘lib saylanding”. Qaysi karomatim uchun, dedim ishongim kelmay. “O‘tgan yili Moskvada juda katta ko‘rgazma qilding. Ko‘rgazma hammada katta taassurot qoldirdi. Bu yog‘ini aytsam, ikki kundan keyin yoningda bo‘laman”. Qirolichaning suratini chala qoldirib, Toshkentga yetib keldilar. Shunday mehrli odamlar bor dunyoda.
Ustozim Toshkentga kelganlarida Samarqandga bordik. Hayotimdagi eng go‘zal kunlar bo‘ldi. Domlamiz rus rangtasvir san’ati ustasi bo‘libgina qolmay, kamtarligi, go‘zal fazilatlari hamda ziyoli insonligi bilan ham ibratli zot edi. Agar hozir menga qanday insonlarga taqlid qilishni xohlaysan desangiz men haqiqiy ziyoli san’atkorga, degan bo‘lardim. Men pokiza, idrokli, tafakkurli, qalbi go‘zal insonlarni qadrlayman. Ularni juda hurmat qilaman.
– Sir emas, bugungi globallashuv jarayonida har bir halq, har bir millat o‘z urf-odatlarini saqlab qolishga harakat qiladi. Sizning asarlaringizda ko‘proq milliy ruhda ishlangan tarixiy shaxslar, ularning hayoti aks etadi, bunga nima turtki bo‘lgan?
– Avvalo shuni ta’kidlagim keladiki, men juda baxtli odamman. Baxtim shuki, O‘zbekistonda tug‘ilganman. Men Ma’murjon Uzoqov yashagan mahallada o‘sib ulg‘aydim. Har kuni ularning musiqasini eshitib, farzandlari bilan do‘stlashib yashadim. Yozuvchi sifatida shakllanishim, romanlar yozishimda ham katta turtki berdi.
Garchand men maktabni rus tilida bitirgan bo‘lsam ham milliy urf-odatlarga, an’analarga juda jiddiy e’tibor beraman. Bolalikda chizgan eng oddiy suratlarimda ham shu seziladi. Hamma asarlarimda, romanlarimda ham shu narsa ustun. Taniqli adib, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov bir kuni sizda hayrat va milliylik kuchli, yozuvchi sifatida eng zo‘r yutug‘ingiz tilingizdagi milliylikdir, dedilar.
–Bu ham sizning Vataningizga bo‘lgan mehringizdan dalolat, shunday emasmi?
– Vatan – bu juda ulug‘ tushuncha. Vatan deganda gohida talabalik paytlarim esga tushadi. U paytlarda paxta terimiga ikki-uch oylab ketib, uyni sog‘inib kelardik. Har gal sovuqda titrab-qaqshab, avtobusdan tushib uyim tomon oshiqardim. O‘z uyimga kirib ko‘nglim taskin topar edi. Ko‘pincha Ma’murjon Uzoqovning eshigi yonidan o‘tayotganimda, “Yolg‘iz” degan qo‘shiqni aytayotgan hofizning ovozini eshitib, to‘xtab qolardim. Ko‘zim yoshga to‘lardi. Bularning hammasi Vatan sog‘inchi edi. Vatan ko‘rinishlari goh qo‘shiqda, goh she’rda, goh ayriliqda, goh esa rasmda ifodalanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dL3-TRyYOY8" title="Badiiy san’at – odamzotni mukammallikka yetaklovchi kuch" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Munira Ramazonova,
Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, jurnalist va san’atshunos