English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi ochildi
23:17 / 2021-04-16

Poytaxtimizda badiiy gimnastika bo‘yicha nufuzli musobaqa – jahon kubogining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Gimnastika federatsiyasi, Xalqaro gimnastika federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqa Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkoniyatini beruvchi to‘rtta reytingli musobaqalarning ikkinchi bosqichi hisoblanadi. Olimpiadaga yo‘llanmani shaxsiy ko‘pkurash bo‘yicha faqat 2019 yilgi jahon chempionatiga chiqa olmagan va uch turda maksimal ball to‘plagan eng yaxshi uch nafar gimnastikachi (har bir mamlakat uchun maksimal 1ta) qo‘lga kiritadi.

Poytaxtimizdagi bayramona bezatilgan Gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabida bugun 16 aprel kuni erta tongdan jahon kubogi ishtirokchilari bahslarni boshladi.

Ochilish marosimida chorlov sadolari ostida maydonga musobaqa ishtirokchilari kirib keldi.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.

Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan etib belgilangani, bu jarayonda sportning qizlarga xos turlari, ayniqsa, badiiy gimnastikani yanada ommalashtirish, malakali murabbiylar tayyorlash, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iste’dodli yoshlarni xalqaro sport arenalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilar qilib voyaga yetkazish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

[gallery-2076]

Mamlakatimizning barcha viloyatlarida gimnastika bilan shug‘ullanish uchun xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan markazlar tashkil etildi, ularda har kuni minglab o‘g‘il-qiz ushbu sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Ularning eng istiqbolli va iqtidorlilari gimnastika bo‘yicha o‘smirlar va milliy terma jamoalar safiga qo‘shilmoqda.

2007 yilda Gimnastika bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi va 2011 yilda Badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxiralari sport maktabi tashkil qilindi. 2009 yildan buyon gimnastikaning barcha turlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari sportchilarini Olimpiya o‘yinlariga tayyorlash markazi hisoblangan mazkur maktabda o‘quv-mashg‘ulotlarni yuqori saviyada tashkil etish hamda yirik musobaqalarni o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Jahon tajribasi hisobga olingan holda, murabbiylar malakasini oshirishga katta e’tibor berilmoqda. Bu borada istiqbolli ilmiy va tibbiy yangiliklarni o‘rganish, sportchilarni tayyorlash, shuningdek, sport uskunalarini ishlab chiqarishga joriy etish – bularning barchasi sportni yanada ommalashtirish, salomatlik omiliga aylantirishga xizmat qilayotir. 

O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi shu maqsadda Xalqaro gimnastika federatsiyasi va Osiyo gimnastika ittifoqi tomonidan o‘tkazilayotgan xalqaro forumlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Ilg‘or tajribani ommalashtirish uchun poytaxtimiz va viloyatlarda xalqaro hamda mahalliy mutaxassislar ishtirokida murabbiylar va hakamlar uchun seminarlar muntazam tashkil etilmoqda. Bu, birinchi navbatda, mamlakatimiz hududlarida sportchilarni tayyorlash darajasini oshirishga yordam berayotir.

Nufuzli xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan gimnastikachilarimiz mahorati ortib borayotgani O‘zbekistonda ushbu sport turini rivojlantirishga tizimli ravishda yondashilayotganining samarasidir.

Ochilish marosimi munosabati bilan tashkil etilgan madaniy tadbir ishtirokchi va mehmonlarga zavq bag‘ishladi.

Javohir Toshxo‘jayev, Almurot Madaminov (surat), O‘zA