Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Badiiy akademiyaning ozarbayjonlik a’zosi
17:07 / 2022-07-09

O‘zbekiston Badiiy akademiyasida Ozarbayjon Milliy san’at muzeyi direktori, Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, professor Chingiz Farzaliyevni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining faxriy xorijiy a’zoligiga qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarida yetuk mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, shu jumladan, jahon tasviriy, amaliy san’ati taraqqiyotiga hissa qo‘shgan, soha bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan malakali  nomzodlarni faxriy xorijiy a’zoligiga tavsiya etish belgilangan. 

So‘nggi yillarda qardosh Ozarbayjon bilan boshqa sohalar qatorida tasviriy san’at sohasida ham aloqalar tobora rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston va Ozarbayjon Badiiy akademiyalari o‘rtasida imzolangan Memorandum asosida qator ijodiy hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda. O‘zbek madaniyati va san’atining atoqli namoyondalari Bokuda ko‘p marotaba bo‘lib, madaniy tadbirlarda ishtirok etmoqdalar. O‘zbek san’atshunoslari ilmiy almashinuv, malaka oshirish dasturlarida faol qatnashmoqda. 

Badiiy akademiya axborot xizmatiga ko‘ra, Ozarbayjon tasviriy san’ati rivojida mustahkam o‘ringa ega bo‘lgan Chingiz Farzaliyevning O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faxriy xorijiy akademigi bo‘lgani madaniyati, an’ana va qadriyatlari uyg‘un xalqlarimiz ijodkor vakillarining san’at sohasidagi aloqalari yanada rivojlanayotganining amaldagi yorqin ifodasidir. 

Ch.Farzaliyev 2010 yildan beri eng ilg‘or muzeylardan bo‘lmish Ozarbayjon Milliy san’at muzeyiga rahbarlik qilmoqda. Ozarbayjon tasviriy san’atini rivojlantirish yo‘lida qilgan xizmatlari uchun 2006 yilda “Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi” unvoni, 2018 yilda Ozarbayjon shon-shuhrat ordeni bilan taqdirlangan. Shu bilan birga Ozarbayjon Badiiy akademiyasining professori hamdir.    

U tasviriy san’at sohasiga oid 50 dan ortiq asarlar muallifidir. “Natyurmort haqida hamma narsa” (2004), “Portret haqida hamma narsa” (2005), “Manzara haqida hamma narsa” (2006), “Ozarbayjonning rangtasvir antologiyasi” (2007), “Ozarbayjon davlat san’at muzeyi” (2010), “Ozarbayjon xalq san’ati” (2013) kitoblari shular jumlasidan. 

Madaniyat va san’at sohasidagi xizmatlari uchun davlat mukofotlari, ko‘plab xalqaro faxriy va boshqa unvonlar  bilan taqdirlangan. Ch.Farzaliyev O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti faxriy professori hamdir. 

Soha bo‘yicha xalqaro miqyosda e’tirofga sazovor bo‘lgan Farzaliyev Chingiz Abdul Majid o‘g‘li samarali ijodiy-ilmiy hamkorligi uchun 2021 yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining kumush medali bilan taqdirlangan. 


N.Usmonova, O‘zA