"Jahon adabiyoti" jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev bilan suhbat.
— "Jahon adabiyoti" jurnaliga ko‘p yillar davomida o‘zbek adabiyotining chinakam jonkuyari, atoqli adabiyotshunos olim va tarjimon Ozod Sharafiddinov rahbarlik qilib kelgan. Yillar mobaynida ushbu nufuzli jurnalda jahon adabiyotining ko‘plab noyob asarlari, o‘tkir publitsistik maqolalar chop etildi. Jurnalga bosh muharrir sifatida kelganingizdan beri tahririyat faoliyatida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
— Jurnalning asosiy maqsadi va yo‘nalishi saqlab qolindi. Shu bilan birga, yangi yo‘nalishlar bilan boyidi. Ustozdan keyin tahririyatga bosh bo‘lgan Mirpo‘lat Mirzayev, Shuhrat Rizayevlar bunga erishgan. Bugun ancha yangilangan jamoa bilan biz ham shu yo‘ldan og‘ishmay borayapmiz. Bugungi adabiy jarayon ishimizga, tabiiyki, o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Buni hisobga olmaslik mumkin emas. Ya’ni, ko‘ptilli jahon adabiyotida o‘zbek tiliga o‘girish zarur bo‘lgan yangi-yangi asarlarni topish, mohir tarjimonlar bilan hamkorlik qilish zarur.
— Zamonaviy jahon adabiyoti va uning bugungi yo‘nalishlari, kelajagi haqida nimalar deya olasiz?
— Ilmiy tafakkur rivoji bugungiday shitob bilan rivojlanar ekan, oradan ma’lum vaqt o‘tib, kitob do‘konlarida robotlar qalamiga mansub romanlar, sarguzasht qissalar, she’riy to‘plamlar paydo bo‘lishi, konsert zallarida ularning qo‘shiq-kuylari ijro etilishi, ko‘rgazma zallarida san’at asarlari namoyishga qo‘yilishi mumkin.
Shunday bo‘lishi ehtimoli, afsuski, tobora kuchayib borayotgan ekan, o‘z-o‘zidan Shukur Xolmirzayevning mashhur “Adabiyot o‘ladimi?” degan savoli yodga tushadi. Bugun bu savolni “Badiiy adabiyot nima bo‘ladi, u ham o‘zgarib, yangi sharoitga moslashadimi yoki o‘zining tarixiy, falsafiy, tarbiyaviy mavqeini, ta’sir kuchini saqlab qoladimi? O‘quvchining yuksak darajada shakllangan adabiy-badiiy didi nima bo‘ladi?” tarzida kun tartibiga olib chiqish zarur deb o‘ylaymiz. Negaki, adabiyot deb atalmish yozma ma’naviy ne’mat paydo bo‘lganidan beri inson qalbining komilligi, ruhiy qudrati uchun xizmat qilib kelgan. Insoniyat boshiga og‘ir falokatlar yog‘ilganda, omonlik yo‘llari torayganda, turfa ixtiloflar jonini garovga olganida adabiyot xaloskor kuchga, najot tuynugiga aylangan.
Bugun jahon adabiyotida, ba’zi kuzatuvchilar to‘g‘ri sezishayotganidek, badiiy adabiyot, xususan, an’anaviy romanchilik o‘quvchiga, uning yengil-yelpi ehtiyojlariga moslashib, ishqiy sarguzasht libosini kiyayotgani sir emas. Bir toifa kuzatuvchilarning fikricha, bu jarayon to‘g‘ri bo‘lsa, unda “Don Kixot”, “Urush va tinchlik”, “O‘tkan kunlar”, “Yolg‘izlikning yuz yili”, “Asrni qaritgan kun”, “Ulug‘bek xazinasi”, “Donishmand Sizif” kabi asarlarga ruhan, mohiyatan yaqin yangi romanlar bundan buyon paydo bo‘lmaydimi? Bugun tog‘lar kabi inson ma’naviyatida ham qulash, parchalanish yuz bermayaptimi? Qonli bosqinlar yangi asrni o‘smirligidayoq qaritib qo‘ymadimi? Yana bir marta “Alvido, qurol!” deyish bugunning eng zarur, kechiktirib bo‘lmaydigan vazifasi, omonlikda qolish sharti ekanini nahotki sezmayotgan bo‘lsak?
Ayni shu savollarni adabiyotshunos olimlar, taniqli yozuvchilarga berganimda, ular quyidagi fikrlarni bildirishgan.
Qozoqboy Yo‘ldosh: "Butun insoniyatning ham, har bir odamning ham hozirgi kunida halovati yo‘q. Besaranjomlik universal bashariy belgi bo‘lib qoldi. Ehtimol, ijodkor ham ana shu bezovta bashariyatning bir besaranjom vakili sifatida zalvorli umuminsoniy masalalarni tadqiq etgandan ko‘ra, lahzada o‘zgarib turadigan odamning ruhiy dunyosini badiiy tadqiq qilishni ma’qul bilar.
Insoniyat o‘z taraqqiyotining faqat tafakkur va ma’naviy етuкликкина uni chinakam qudratli qila oladigan bosqichiga yetib keldi. Tafakkur toza ruhiyatga esh bo‘lgandagina ezgulik kasb etadi. Aks holda u yovuzlikka xizmat qilishga moyilki, dunyodagi bugungi ahvol buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Toza ruhiyat o‘zgalarni anglash, тuйish orqali yuzaga keladi. O‘zgalarni tuymoq va anglamoq xususiyati odamda badiiy adabiyot vositasidagina shakllantirilishi mumkin. Adabiyotning jamiyat hayotidagi o‘rnini mana shu holat belgilaydi. Ko‘rkam adabiyot kishidan ma’naviy yuksalishga ichki ehtiyoj bo‘lishini talab qiladi. Ichki ehtiyoj esa odamda o‘z shaxsiga hurmat va e’tibor paydo bo‘lganda yuzaga keladi. Hozircha bizning jamiyatda moddiy ehtiyojlarni qondirishga intilish ustuvor, kun kelib, ma’naviy-ruhiy ehtiyojlar old planga chiqib qolar. Bugungi milliy adabiyotning vazifasi o‘zbekning ko‘ngil holati va ruhiyatidagi universal va betakror qirralarning ta’sirli ifodasini tasvirlashdan iborat bo‘lishi kerak. Shuningdek, bu adabiyot o‘zbekning o‘ziga xos etnos ekanini ko‘rsatadigan, uning sha’ni, qadri hamda o‘rni yuksak bo‘lishiga yo‘naltirilishi lozim".
Ne’mat Arslon: "Adabiyotimiz kelajagi haqida bahs yuritishdan oldin adabiyotshunoslarimiz tushunishi qiyinroq bir manzaraga e’tibor qarataylik. Tasavvur qiling: rusning qorong‘i tuni, adabiyotda hali nom qozonmagan Dostoyevskiyning uyi, bir dasta qog‘ozni ko‘tarib yig‘lagancha borayotgan Nekrasov... O‘z davrining nomdor shoiri, noshiri nega ko‘zyoshi to‘kmoqda? Qanday dard bor uning yuragida? Gap shundaki, u noshir sifatida Dostoyevskiyning ilk asari qo‘lyozmasini Belinskiyga olib boradi. O‘z davrining mashhur tanqidchisi qo‘lyozmani darhol o‘qib chiqadi-da, rus adabiyotida yangi daho paydo bo‘lganini bashorat qiladi. Shunday qilib, yangi dahoni tabriklash uchun hali adabiyotda nom qozonmagan yosh yozuvchi oldiga ko‘zyoshini to‘kkancha kirib boradi Nekrasov. Bu manzarani bizning adabiyotimizdagi holat bilan solishtirmang, aks holda, bir amallab nom qozongan shoir yoki yozuvchi asarlarini maqtab ko‘kka ko‘tarayotgan, ammo yosh iqtidor asarini afti bujmayib nari surayotgan “andivakash” tanqidchi namoyon bo‘lib, ta’bingizni xira qiladi. Nega adabiyot taqdiri uchun Nekrasovday qayg‘urib yig‘lamaydi bizning yozuvchilarimiz, noshirlarimiz, tanqidchilarimiz?! Nazarimda, bunday munosabatning zarari sun’iy intellekt yog‘dirishi mumkin bo‘lgan falokatdan qolishmaydi. Jadid ma’rifatparvari Abdulla Avloniyning shunday gapi bor: “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir”. Endilikda bu xulosani “Sun’iy intellekt biz uchun yo hayot, yo mamot...” shaklida o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keladiganday".
Adabiyotimizning bugungi ahvoliga nazar tashlab, kelajagi to‘g‘risida qayg‘urar ekanmiz, uni sun’iy intellekt qo‘liga topshirib qo‘yishdan xavotirimiz bor.
— Bugungi kitobxonlarga jahon adabiyotidan qaysi asarlarni o‘qish uchun tavsiya qilgan bo‘lardingiz?
— Yengil-yelpi, o‘tkir syujetli, otishmali, quvla-qochdi asarlarni o‘qishga o‘rgangan kitobxonga falon asarni o‘qi, deyish qiyin. Har kim mutolaa uchun o‘z dunyoqarashi, qiziqishidan kelib chiqib kitob tanlaydi. Amerikalik jurnalist Sara Jioning deyarli bir qolipdagi sarguzasht romanlari dunyoning o‘ttizdan ortiq mamlakatlarida necha ming-ming nusxada chop etilgan va bu jarayon faol davom etmoqda. Ayni chog‘da, Teodor Drayzer, Ernest Xeminguey, Jek London, Onore de Balzak, Emil Zolya asarlarining o‘quvchilari kamayib borayotir. Bu jarayonga befarq qarab bo‘lmaydi. Buning uchun o‘ta kuchli adabiy targ‘ibot zarur. Biz jurnalning har yangi sonini tayyorlashda ayni shu vazifadan kelib chiqamiz. Tavsiya ma’nosida hind donishmandi Oshoning jurnalimizda e’lon qilingan asarlarini, Mahatma Gandi, Aysedora Dunkan, Charli Chaplin xotiralarini, Stefan Sveygning “Mariya Styuart”, Badriya al-Bishrning “Al ash’o ko‘chasidagi muhabbat” romanlarini aytishim mumkin.
— Adabiy mukofotlarga qanday qaraysiz?
— Ijobiy ma’noda qarayman. Ijodkorning uzoq yillik zahmatli mehnati, albatta, e’tirof etilishi zarur. Ular uchun ba’zan oddiy qutlov ham mukofotday bo‘ladi. Mukofotga nomzod asarlarni saralashda adabiyotshunoslar xolis bo‘lishlari zarur. Negaki, u yoki bu asar zarur darajada targ‘ib qilinmagani uchun baholanmay qolib ketadi, bunga misollar ko‘p. Ba’zi asarlaresa haddan tashqari maqtalgani uchun shov-shuvga sabab bo‘ladi.
— Nobel mukofotiga munosabatingiz qanday? Nega shu choqqacha bu mukofot Markaziy Osiyo yozuvchilariga berilmagan?
— Bundan besh-olti yil avval gazetada “Nobel mukofotiga tobingiz qalay?” sarlavhali maqolam e’lon qilingan. Undagi fikrim hozirgacha o‘zgargan emas. Bu mukofot tom ma’noda adabiy siylov emas, Chingiz Aytmatov aytganidek, “siyosiy akt”.
Dunyo shundayki, har qanday mukammal qaror ham, zarur bo‘lib qolsa, shubha ostiga olinishi mumkin. Zarurat esa kutilmaganda paydo bo‘lib qoladi. Men ayni shu holatga emas, ushbu mukofotga munosib ko‘rilganlarning ayrim fikrlariga qiziqdim. Yevropada ancha shov-shuvga sabab bo‘lgan “Yovuzlik” romani muallifi, Nobel mukofoti sohibasi Gerta Myuller xonimning sotsialistik tuzumga bergan bahosi juda aniq va ishonarli chiqqan: “Sotsializmning bosh g‘oyasi shundayki, bu tuzumni qo‘lingdan kelganicha aldashing mumkin, ammo, ming uringaning bilan, sen uni u seni aldaganichalik alday olmaysan”.
Shimoliy Irlandiyaning Derri grafligida tug‘ilgan Sheyms Xinniga: “Sizga Nobel mukofotining berilishi adolatli qarormi?”, deb so‘raganlarida u quyidagicha javob qaytargan ekan: “Asarlari va ijodiy faoliyati munosib bo‘lgan barchani taqdirlashga mukofotlar yetishmaydi. Juda ham oddiy bir ish – bordi-yu har bir mamlakatda Nobel mukofotiga munosib darajada ijod qilgan, ammo taqdirlanmagan ijodkorlar ro‘yxati tuzib chiqilsa, masala ravshanlashgan bo‘lardi. Mana, misol uchun, Joys olmadi, Nabokov taqdirlanmadi. Menga bu mukofotni berishganida, dastlab yaqin do‘stlarimga – shoir Tedi Xyuz va dramaturg Brayan Frilga qo‘ng‘iroq qildim, ulardan uzr so‘radim, meni kechiringlar, mukofotni menga adashib berishibdi, loyiq nomzodga berishmabdi, dedim”.
Lev Tolstoy Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishni istamagan. Syulli Pryudom garchi o‘zi nochor ahvolda bo‘lsa-da, mukofot pulini yosh shoirlarni qo‘llab-quvvatlashga sarflagan. Alfred Nobel o‘zi joriy qilgan mukofotni millati va kelib chiqishidan qat’i nazar, eng munosiblarga berilishini vasiyat qilgan ekan. Fikrimcha, bu vasiyatga hamisha ham amal qilinmaydi. Iosif Brodskiy mukofotni olar ekan, “Men bu yerda mendan avval mukofot olganlardan emas, balki munosib bo‘la turib, ololmaganlardan xijolatdaman” degan va Osip Mandelshtam, Marina Svetayeva, Anna Axmatovalarning nomlarini keltirgan. Rossiyalik tanqidchi Vadim Kojinovning fikricha, “Ushbu mukofotning xalqaro maqomga ega ekanini ko‘z-ko‘zlash uchun ba’zan mutlaqo nomunosib kishilarga ham berilayotgani ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emas”.
Xulosa shuki, gap mukofotning nechog‘li nomdor bo‘lishida emas, badiiy asarning umri juda uzoq bo‘lishida.
— Badiiy asarlarni xorijiy tillardan o‘zbek tiliga tarjima qilishda qanday muammolar bor?
— Nihoyat men kutgan savolni berdingiz. Bu borada yutuqlarimiz oz emas. Ingliz, fransuz, arab, xitoy, koreys, turk tillaridan bevosita tarjima qilayotgan mualliflarimiz safi ortib bormoqda. Albatta, hech kim birdaniga mahoratli tarjimon bo‘lib qolmaydi, buning uchun yillab mehnat qilish kerak. Muharrirlik tajribamdan kelib chiqib aytsam, ba’zilar u yoki bu tilni mukammal biladilar, ammo asar muallifining fikrini o‘zbek tilida badiiy ifodalashda qiynalib qoladilar, natijada tarjima texnik o‘girma yoki nusxa bo‘lib qoladi. Original badiiy asarlarning mualliflari tarjima bilan shug‘ullanishsa, ish bir muncha oson ko‘chadi. Bu boradagi eng katta muammo – ko‘p yoshlar (ba’zan kattalar ham) tarjimani Google yordamida amalga oshirib, shundayligicha, biror joyini tahrir qilmay, xatolarini tuzatmay ham tahririyatga olib kelishmoqda. Mualliflik madaniyati degan gap bor. O‘zini hurmat qilgan ijodkor bunday qilmaydi.
— Ijodiy ishda sizni nima ilhomlantiradi?
— Turli kasb, taqdir egalari, omadli, omadsiz, zavqi baland yoki tushkun kishilar bilan muloqot qilish, ularni diqqat bilan tinglash, fikrlarni eshitishdan ko‘p narsa olaman. Xizmat safarlarida menga mutlaqo tanish bo‘lmagan oddiy odamlar bilan dillashishni yoqtiraman. Ko‘p maqolalarim shunday muloqotlar sabab qog‘ozga tushgan.
— Mazmunli suhbat uchun tashakkur!
Suhbatni Lira Shafiq yozib oldi.