English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BAAning yana bir qator yirik kompaniyalari O‘zbekistonga qiziqish bildirmoqda
17:38 / 2024-09-23

O‘zbekistonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasi va mamlakatimiz Iqtisodiyot va moliya vazirligi tashabbusi asosida Abu Dabi savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda BAA ishbilarmon doira vakillari ishtirokida “Biznes aloqalar: O‘zbekiston va Abu Dabi” forumi tashkil etildi.

Tadbirda vazirlik tomonidan 2030 yilga qadar Davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar dasturi taqdim etildi. Jumladan, viloyatlardagi elektr, gaz, ichimlik va oqova suvi tizimini modernizatsiya qilish hamda boshqaruvga berish, gidroelektr stansiyalari barpo etish, ko‘p tarmoqli shifoxona va maktablar qurish tenderlarida ishtirok etish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Xususiylashtirish – biznes uchun yangi yo‘nalish va imkoniyat” mavzusidagi taqdimot orqali investorlarni davlat ishtirokidagi yirik korxonalar, tijorat banklaridagi davlat ulushini sotish jarayoni bilan tanishtirdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi O‘zbekistonda sarmoyaviy muhitni yaxshilash, soliq yukini kamaytirish, bojxona to‘lovini yengillashtirish va investorlar huquqini qonun bilan himoya qilishga qaratilgan islohotlarning amaliy jihatlarini ko‘rsatib berdi.

Tadbirda ishtirok etgan 70 dan ortiq biznes sub’ekti vakillari uchun taqdimotlardan so‘ng alohida G2B uchrashuvlari tashkil etildi. BAAning 10 dan ortiq yirik biznes tuzilmalari, jumladan “Watania International Holding”, “Confity capital partners”, “Emirates NBD” kompaniyalari yurtimizdagi xususiylashtirish jarayoniga qiziqish bildirib, kelgusi tenderlarda ishtirok etish istagini bildirishdi. Bu borada dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, energetika, chiqindini qayta ishlash, ta’lim, kommunal xo‘jalik, ichimlik suvi ta’minoti, sog‘liqni saqlash va aeroportlarni boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik loyihalarida “M-42”, “Burjeel Holding”, “Super Quality Trading”, “Etihad WE”, “Plenary Group”, “Envirol Group” kabi kompaniyalar ishtiroki bo‘yicha shartnomalar tuzildi.

O‘zA