Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BAAga tashrif g‘oyat samarali bo‘lmoqda
18:41 / 2025-05-22

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligidagi delegatsiya Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida dastlab “2 Point Zero” kompaniyasi ijrochi direktori Maryam Al-Mxeiri bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Prezidentimiz va Birlashgan Arab Amirliklari rahbarlari tomonidan yo‘lga qo‘yilgan, tobora mustahkamlanib borayotgan do‘stlik va yaqin sheriklik aloqalari haqida batafsil so‘z yuritildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘istonning investitsiyaviy salohiyati, iqtisodiy ko‘rsatkichlari, istiqbolli xalqaro loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yaratilgan sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Kompaniyaning moliyaviy xizmatlar, sun’iy intellekt texnologiyalari, muhim resurslar, raqamli transformatsiya va boshqa yo‘nalishlardagi tajribalari ta’kidlanib, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi. Jumladan, Qoraqalpog‘istondagi mavjud konlarda hamkorlikda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va ekologik xavfsiz o‘zlashtirish, ikki mamlakat universitetlari va ilmiy muassasalari bilan birgalikda qo‘shma tadqiqot markazlari va kadrlar tayyorlash dasturlarini tashkil etish, Orolbo‘yining turizm sohasida hali ochilmagan imkoniyatlaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Shundan so‘ng “Burjeel holdings” va “Life Pharma” kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Yetakchi integratsiyalashgan nodavlat tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalardan biri bo‘lgan “Burjeel holdings” vakillari bilan muzokaralarda tibbiy yordam sohasida mutaxassislarni tayyorlash, diagnostika, profilaktika, sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish, mahalliy shifokorlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istondagi ayollar orasida ko‘krak bezi saratoni kasalligini erta bosqichda aniqlash maqsadida mobil mammografiya uskunalari yetkazib berish va yuqori tajribaga ega mutaxassislar bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ta’kidlash joizki, Nukus shahrida onalar va bolalar uchun Birlashgan Arab Amirligining Shayx Xalifa nomidagi shifoxonasi qurilish ishlari “Orient Construction Services Group” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan avgust oyi yakuniga qadar yakunlashi rejalashtirilgan. 

"Life Pharma" kompaniyasi vakillari bilan farmatsevtika sohasini rivojlantirish, Qoraqalpog‘istonda o‘sadigan, xalqaro darajada yuqori eksportga ega dorivor o‘simliklardan biri bo‘lgan qizilmiya ildizini qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kabi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. 

Uchrashuvlarda qator manfaatli shartnomalar imzolandi va istiqbolli loyihalar keng muhokama qilindi.

Qoraqalpog‘iston delegatsiyasining Birlashgan Arab Amirliklariga amaliy tashrifi davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri