Kuni kecha Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida Misrda chop etilgan mamlakatimizning turli yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatayotgan iqtidorli va faol ayol-qizlarning ijodiy ishlari jamlangan “O‘zbekistonning ilhomlantiruvchi ovozlari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Misrning “Highness International school” xalqaro maktabi, Livanning “Taghrid Fayad” madaniy jamg‘armasi va yurtimizning “Shine” qizlar akademiyasi tomonidan tashkillashtirildi.

Taqdimotda bir guruh o‘zbek va arab shoir-yozuvchilari, professor va fan doktorlari, shuningdek, talabalar ishtirok etdi.
Yig‘inda so‘z olgan “Highness International school” xalqaro maktabi rahbari, misrlik Amir Sami Shehata bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi millatlar o‘rtasidagi adabiy, madaniy va do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashda alohida o‘rin tutishini ta’kidlab o‘tdi.

– Azal-azaldan millatlarimizning ildizlari teran, dini bir va madaniyati mushtarak, - dedi u. – Eng muhimi, aloqalarimiz rivoji yo‘lida adabiyotning ham o‘rni beqiyos. Biz uchun Markaziy Osiyo davlatlari adabiyoti va madaniyati juda qiziq. Bu jarayonlarda o‘zbek ayol-qizlarining faolligi esa quvonarli hol.

Shuningdek, taqdimotda mazkur kitobda ijodiy ishlari chop etilgan iste’dodli ayol-qizlarimiz so‘zga chiqib, diyorimizda xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berishdi.

O‘.Alimov, O‘zA