French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BAA va O‘zbekiston energetika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi
12:54 / 2023-05-17

Birlashgan Arab Amirliklari axborot agentligi – “WAM” xabar berishicha, BAAda joylashgan “Imperial Ruby Energy and Innovations” va mamlakatimizning “Solar Nature” kompaniyalari o‘rtasida O‘zbekiston va O‘rta Osiyo mintaqasida quyosh fotoelektr va quyosh issiqlik energiyasi loyihalarini yakunlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Memorandum doirasida toza elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun o‘rta va yirik hajmli quyosh panellarini loyihalash va taqdim etishda hamkorlik qilinadi hamda suvni qayta ishlash va tuzsizlantirishda quyosh energiyasidan foydalaniladi. Tomonlar zarur sarmoya kiritish va besh yil davomida sheriklik hajmini 100 million dollardan oshirish bo‘yicha sa’y-harakatni jadallashtirish tarafdori.

– O‘zbekiston energetika sektorini muvaffaqiyatli rivojlantirmoqda. Bu yondashuvni qo‘llab-quvvatlash uchun BAAda keng imkoniyat mavjud, – dedi “Imperial Ruby Energy and Innovations” kompaniyasi bosh direktori Manoj Devakaran. – Qayta tiklanadigan energiya sohasida yetakchi muhandislik, ta’minot va qurilish kompaniyasi “Solar Nature” bilan hamkorlik qilishdan, mamlakatni toza energiya sari yo‘lda qo‘llab-quvvatlashdan xursandmiz.

Eslatib o‘tamiz, “Imperial Ruby Energy and Innovations” tadqiqot va ishlanma, intellektual mulk, quyosh fotoelektr tizimini loyihalash, muhandislik, xarid qilish, qurilish va ekspluatatsiyani boshqarish, integratsiyalangan fotovoltaik tizimni shakllantirish, quyosh issiqlik Fresnel linzasidan foydalanish, energiya ishlab chiqarish, texnologik issiqlik, bug‘ni ko‘paytirish va suvni tuzsizlantirish bilan shug‘ullanadigan dizayn va muhandislik kompaniyasidir.

– Ushbu hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatni yanada mustahkamlaydi va “Imperial Ruby Energy and Innovations”ning ilg‘or tajribasini O‘zbekistonda joriy etish imkonini beradi, shuningdek, yashil texnologiyalar sohasida hamkorlikni rag‘batlantiradi, – dedi “Solar Nature” kompaniyasi bosh direktori Farrux Asrolxo‘jayev. – Ikki kompaniya o‘rtasidagi hamkorlik qayta tiklanadigan energiya bozori uchun noyob dizayn, texnik yechim taqdim etish, quyosh energiyasi yo‘nalishidagi tijorat va sanoat loyihalariga sarmoya kiritish orqali tegishli bozorlarda energetika sektorini o‘zgartirish, suvni qayta ishlash yechimi va quyosh arxitekturasi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish rejasini ishlab chiqish singari muhim masalalarni nazarda tutadi.

Muharrama Pirmatova,

O‘zA