Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BAA kompaniyalari Talimarjon IESga deyarli 1 milliard dollar sarmoya kiritmoqda
17:01 / 2022-09-09

Birlashgan Arab Amirliklarining Mubadala va TAQA kompaniyalari Talimarjon Issiqlik elektr stansiyalariga investitsiya kiritish maqsadida bitimlarni imzoladi.

Toshkent shahrida shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda BAA tomonidan energetika va infratuzilma vaziri Suxeyl al-Mazrui hamda Mubadala va TAQA kompaniyalari rahbarlari, O‘zbekiston tomonidan esa Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev, Energetika vazirligi, "Milliy elektr tarmoqlari" va "Issiqlik elektr stansiyalari" aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari ishtirok etdi.

Imzolangan bitimlar Talimarjon issiqlik elektr stansiyasini boshqaradigan qo‘shma korxona tashkil etishni nazarda tutadi. BAA kompaniyalarining investitsiyalari qo‘shma korxonaning 300 million dollarlik ustav kapitalidagi 80 foiz ulushi uchun to‘lov hamda ilgari "Talimarjon IES" AJ tomonidan jalb qilingan taxminan 700 million dollarlik kreditlarni to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘lardan iborat. Shunday qilib, BAA kompaniyalari Talimarjon IESga deyarli 1 milliard dollar sarmoya kiritmoqda.

Imzolangan bitimlar BAA kompaniyalari uchun Talimarjon IES va boshqa issiqlik elektr stansiyalarini elektr energiyasi ishlab chiqarishning kombinatsiyalashgan siklining eng zamonaviy bug‘ – gaz qurilmalari bilan jihozlash orqali ularning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga qo‘shimcha investitsiyalar kiritish imkoniyatini beradi. Ushbu qurilmalar tabiiy gazdan foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligi koeffitsiyenti va atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar darajasi bo‘yicha an’anaviy bug‘ elektr stansiyalaridan bir necha baravar ustundir. Shunday qilib, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish Talimarjon IESning texnologik darajasi va ishonchliligini sezilarli darajada oshiradi. Aholi, ijtimoiy soha va ishlab chiqarish ob’ektlarni barqaror va sifatli elektr toki bilan ta’minlaydi.

Hamkorlikning navbatdagi bosqichi doirasida BAA kompaniyalari "Talimarjon IES" AJda qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga investitsiyalar kiritadi. Strategik energetika sanoatiga chet el investitsiyalarining faol jalb qilinishi yirik infratuzilma aktivlarini tashqi qarz olish yo‘li bilan moliyalashtirishning an’anaviy yondashuvini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga o‘zgartirishga imkon beradi. Shu bilan birga, respublika tashqi qarzi bilan bog‘liq moliyaviy barqarorlikni va suveren kredit reytingining izchil yaxshilanishini ta’minlaydi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, Mubadala Abu-Dabi hukumatiga tegishli bo‘lgan va dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan investitsiya kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniyaning investitsiya portfeli aerokosmik, agrobiznes, AKT, metallga ishlov berish, tog‘-kon sanoati, kommunal xizmatlar kabi sohalardagi loyihalarni o‘z ichiga oladi. Kompaniyaning umumiy aktivlari 250 milliard dollardan oshadi.

TAQA – bu Abu-Dabi qimmatli qog‘ozlar birjasida ro‘yxatga olingan xalqaro energiya va suv kompaniyasi bo‘lib, dunyoning 11 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritadi. Kompaniya aktivlarining umumiy qiymati 80 milliard dollardan oshadi.

O‘zA