O‘zbekiston Milliy axborot agentligi jahonning yetakchi, nufuzli va ommabop axborot agentliklari, nashrlari bilan hamkorlikka strategik hamda ustuvor vazifa sifatida qaraydi. O‘zA bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov bu haqda Birlashgan Arab Amirliklari axborot agentligi - WAM muxbiriga bergan intervyusida alohida ta’kidladi.
1976 yilda tashkil etilgan WAM BAAning yangiliklarga ixtisoslashgan bosh axborot organi bo‘lib, mamlakat va jahondagi eng muhim siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa sohalarga oid voqealarni yoritib boradi. Hozirgi paytda ushbu agentlik dunyoning 50 dan ziyod yetakchi axborot agentliklari bilan hamkorlik qilib keladi.
O‘zA rahbari mazkur nufuzli nashr vakili bilan suhbatda O‘zbekiston keyingi yillarda zamonaviy media maydonni rivojlantirishga yuksak e’tibor qaratayotgani, bu jarayonda mamlakat OAV uchun xalqaro ijodiy hamkorlik bilan bog‘liq faoliyat ustuvorlik kasb etishini qayd etdi.
- Faqat so‘nggi 5 yil ichida respublikada 10 ta yangi telekanal ochildi, 20 dan ortiq onlayn axborot manbalari ro‘yxatdan o‘tdi. Umuman, shu davr oralig‘ida O‘zbekiston OAV safi 30 foiz kengaydi, - deydi A. Ko‘chimov.
Intervyuda qo‘shimcha qilinishicha, O‘zbekistonda ayni payt jami 1962 ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatadi, shularning 1232 tasi, ya’ni, taxminan, 63 foizi nodavlat organ. Ushbu ro‘yxatdan 39 telestudiya va telekanal, 33 radiostansiya va 557 veb-sayt o‘rin olgan.
"Biz Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari, shuningdek Ozarbayjon va dunyoning boshqa turli davlatlari axborot agentliklari bilan shartnoma, memorandum yoki bitim asosida axborot almashish bo‘yicha sheriklikni yo‘lga qo‘yganmiz", - deydi O‘zA bosh direktori BAA Dubay shahriga tashrifi doirasida Amirliklarning WAM agentligi bilan kelishuv hujjatini imzolash chog‘ida.
O‘tgan hafta yuz bergan ushbu voqea, ya’ni Abdusaid Ko‘chimov va WAM bosh direktori Muhammad Jalol Al-Raysiy tomonidan tasdiqlangan hamkorlik bitimi tomonlarning o‘zaro xabar va yangiliklar, tahliliy materiallar almashishi, xodimlar o‘rtasida tajriba va malaka oshirish dasturlarida ishtirok etishini ko‘zda tutadi.
Janob Al-Raysiy WAM xorijiy OAV bilan keng ko‘lamli sheriklikka intilayotganini ta’kidlarkan, O‘zA vakillarini shu yil noyabr oyida BAAda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Global media-kongress maydonida ko‘rishdan mamnun bo‘lishini bildirdi.
O‘z navbatida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi rahbari jamoa faoliyatini takomillashtirish istiqboli haqida so‘z yuritib, «To‘g‘risini aytsam, bu borada hali qiladigan ishlarimiz ko‘p», - dedi.
Garchi, bugungi kunda uza.uz sayti arab, rus, fransuz, ingliz singari to‘qqiz tilda ma’lumot tarqatsa-da, bu agentlik uchun chegara emas.
"Men tez orada Amirliklarda ham idoramiz ochilishidan umidvorman. Qolaversa, yaqin kelajakda Ozarbayjon, Turkiya, shuningdek Yevropa va Amerika davlatlarida ham muxbirlik bo‘limlari faoliyat boshlaydi", - xulosa yasaydi o‘z fikriga Abdusaid Ko‘chimov.
G‘.XONNAZAROV, O‘zA