Ulug‘ navoiyshunos olim, umrini o‘zbek xalqining adabiyoti, san’ati va madaniyati, ma’rifati, ilm-fan ravnaqi va rivojiga bag‘ishlagan, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shgan buyuk olim, manbashunos Azizxon Qayumov hayot bo‘lganlarida bugun 100 yoshga to‘lar edi.
Ustoz milliy adabiyotimiz, ayniqsa, navoiyshunoslik ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissasi, uzoq yillik zahmatli mehnatlari uchun “O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi”, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni, “Shuhrat” medali, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
Azizxon Qayumov shoir, tarjimon, muharrir va jamoat arbobi sifatida adabiyot muxlislari mehrini qozongan inson edi.
Akademik Aziz Po‘latovich Qayumov 1926 yil 19 yanvarda Qo‘qon shahrida tavallud topgan.
Olimdan salmoqli asarlar, she’r va g‘azallar, muxammaslar, tarjima va tabdil kitoblar, boy ilmiy tadqiqotlar qolgan va bugungi kunda uning barcha jabhada faoliyat yuritayotgan munosib, davomchi shogirdlari bor.
Mamlakatimizda adibning nomini abadiylashtirish maqsadida bir qator chora-tadbirlar rejalashtirilmoqda. Xususan, Akademik Azizxon Qayumov tavalludining 100 yilligini mamlakatimizda keng nishonlash, ustoz olimning 30 tomlik to‘la asarlari to‘plamini chop etish milliy adabiyotimizda o‘ziga xos voqelik bo‘lishi shubhasiz. Ijodkorning Qo‘qon shahrida tug‘ilgan uyi darvozasi peshtoqiga, Toshkent shahridagi yashagan uyi Yunusobod tumani Avaz O‘tar 1-tor ko‘chasi 18-uyga xotira barelefi o‘rnatilishi amalga oshirilsa, nur ustiga nur bo‘lar edi.
Shuningdek, barcha shogirdlar istardik-ki, uy-muzeyi tashkil etilishiga, Toshkent va Qo‘qon shaharlaridagi ko‘chalardan biriga akademik Aziz Qayumov nomi berilishiga, Adiblar xiyobonida akademik Aziz Qayumov haykali o‘rnatilishiga ham tilakdoshmiz.
Mamlakatimizning barcha oliy ta’lim muassasalarida filologiya, jurnalistika, tillar va ijtimoiy gumanitar, san’at va madaniyat fakultetlarida Aziz Qayumov ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha dars soatlari tashkil etilib, ilmiy anjuman, tadbirlar o‘tkazilsa, yoshlar nainki olim faoliyati balki, Hazrati Alisher Navoiy merosining ahamiyatidan tobora ko‘proq bahramand bo‘lur edi.
Ustoz olimning hayot yo‘li, zahmatli ijodini o‘rganish g‘oyat muhimdir. Shu nuqtai nazardan kelib chiqqanda, Aziz Qayumov umrining so‘nggi yillarida ishlab faoliyat olib borgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat adabiyot muzeyidagi xonasi va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti kutubxonasida tashkil etilgan “Aziz Qayumov shaxsiy kitob fondi, muzey xonasi”ning moddiy-texnik bazasi shakllantirilib, kelajakda uni “Akademik Aziz Qayumov nomidagi adabiy-ilmiy, ijodiy-ijtimoiy rasmiy fond”ga aylantirish takliflari ham milliy so‘z san’atimiz rivojiga turtki berishi shubhasiz.
Olimning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar to‘plamlarini, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida saqlanayotgan Aziz Qayumov arxivi katologini nashrga tayyorlash va chop etish bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga Davlat buyurtmasi asosida O‘zbekiston kino ustalarining akademik Aziz Qayumovga bag‘ishlangan badiiy film yaratish, adib hayoti va ijodiy faoliyati haqida spektakl sahnalashtirish, yosh xonandalar o‘rtasida “Akademik Aziz Po‘latovich Qayumov “Aziziy” taxallusi bilan yozgan g‘azal, muxammas va she’rlari bilan aytiladigan “Eng yaxshi qo‘shiqlar ijrochisi” Respublika tanlovi o‘tkazilsa ham maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida ustozning ibratli oilasi, hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasini tashkil etish, hamkorlikda “Akademik Aziz Po‘latovich Qayumov ijodining o‘zbek adabiyoti va san’atida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiyalarni an’anaviy tashkil etish va o‘tkazish adabiyot muxlislarini quvontirishi shubhasiz.
Shu bilan birga, mamlakatimizdagi oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari hamda mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida akademik Aziz Qayumov xotirasiga bag‘ishlangan, olimning zahmatli va sermahsul hayot yo‘lini ibrat va namuna qilib ko‘rsatadigan uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bunday tadbirlar yosh avlodni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda ibratli namuna vazifasini bajarishiga ishonchimiz komil.
O‘lmasbek Xo‘jayev,
O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.