Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aziziddin XON: O‘zbek yoshlarida ilm olishga intilish kuchli
23:16 / 2022-06-18

Bombey texnologiya universiteti professori Aziziddin Xon bir oy davomida Samarqand davlat universiteti talabalariga dars berdi. Olim Hindistonga qaytgach, SamDU axborot xizmati bilan bog‘lanib, yurtimizga safari haqidagi taassuroti, fikr-mulohazalari bilan bo‘lishdi.

- Samarqandda ikki marta bo‘ldim. Jannatmonand o‘lkangizga ilk bor 2018 yil borgandim. Har ikki tashrif universitetlarimiz o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturi doirasida amalga oshirildi.

To‘rt yil ichida Samarqand davlat universitetida sezilarli o‘zgarish yuz beribdi. Ayniqsa, talabalarning o‘qishga e’tibori yanada kuchayganini e’tirof etish kerak. Umuman, ilm-fan sohasini rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakat, yoshlarga qaratilgan g‘amxo‘rlik O‘zbekiston kelajagining eng muhim asoslaridan biridir. Axir, taniqli xitoylik qomusiy olim Konfutsiy bejiz “Xalqni bir yil boqmoqchi bo‘lsang, bug‘doy ek, o‘n yil boqmoqchi bo‘lsang, daraxt ek, agar, asrlar davomida boqmoqchi bo‘lsang, bilim ek, ilm ek”, - demagan.

Men talabalarga psixologiya fanidan dars berdim. O‘zbek yoshlarining ko‘pchiligida hozir bilim olishga intilish juda kuchli. Ular kelgusida aynan ilmning bahosi baland bo‘lishini chuqur anglab yetishgan.
Shu bilan birga talabalar o‘z ustida ko‘proq izlanishi zarur, deb o‘ylayman. Fikrini eshitib, doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab turish yoshlar uchun zo‘r rag‘bat. bugungi kunda chet tillarini bilish ham juda muhim. SamDU talabalarining ingliz tilini bilish darajasi yaxshi. Har kuni u yoki bu talaba chet tili bo‘yicha xalqaro sertifikat olgani to‘g‘risidagi xabarni universitet saytida o‘qiyman. Bu yoshlarning ta’lim uchun ajratilgan xalqaro grantlar yutish imkoniyatini kengaytiradi.

Men SamDU o‘qituvchilariga psixologiya fanini o‘qitish bo‘yicha xalqaro uslublar haqida mashg‘ulot ham o‘tdim. Seminar har ikki tomon uchun manfaatli bo‘ldi. Psixologiya kafedrasi o‘qituvchilari bilan hamkorlikda ilmiy maqolalar, darsliklar yozishga kelishib oldik. Bu borada dastlabki qadamni qo‘yishga ham ulgurdik.

Yana shuni bildimki, Samarqand O‘zbekistonning eng go‘zal go‘shalaridan biri. Odamlari samimiy, mehmondo‘st. Samarqandda yashash juda qulay, shahar havosi toza, musaffo.

Hamkorlik doirasida hali ko‘p ilmiy loyihalar amalga oshiramiz. Bu jarayonda professor-o‘qituvchilar, talabalar almashinuvi muhim o‘rin egallaydi. Ishonchim komil, SamDU eng yaqin hamkorlarimizdan biriga aylanadi.

Otabek Sa’dullayev, 
SamDU axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov (surat)