Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Azizbek JOʻRAYEV: Imom Buxoriy majmuida rekonstruksiya va qurilish jarayonlari qizgʻin olib borilmoqda
17:33 / 2023-03-22

Dunyoga ma’lumu mashhur Samarqandda bugun ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu ishlar esa qadimiy shaharning nufuzini oshirib, dunyo ahli e’tiborini o‘ziga jalb qilmoqda.

Milliy va zamonaviy bunyodkorlikni o‘zida ifoda etgan Samarqand xalqaro turistik markazi “Boqiy shahar” majmuasi, Samarqand xalqaro aeroporti kabi ulkan inshootlarning bunyod etilgani mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.

Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy maqbarasi islom olami uchun tabarruk ziyoratgohlardan biri bo‘lib, Prezidentimiz tashabbusi bilan bugungi kunda majmua qayta qurilmoqda.

Bu yerda amalga oshirilayotgan rekonstruksiya jarayonlari haqida ushbu majmua qurilishi rahbari Azizbek Jo‘rayev quyidagilarni gapirib berdi.

– Ta’kidlash kerakki, buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy dafn etilgan mazkur yodgorlik majmuasi Islom olamida yuksak e’tiborga ega bo‘lgan maskanlardan biri hisoblanadi, –dedi A. Jo‘rayev. – Majmuadagi qurilish-obodonlashtirish ishlari jarayonida Imom Buxoriy maqbarasi hozirgi ko‘rinishi saqlangan holda rekonstruksiya qilinadi.

Majmua rekonstruksiyasi “Enter Engineering” kompaniyalari guruhi tomonidan amalga oshirilayapti. Asosiy buyurtmachi Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi “Engineering” kompaniyasi hisoblanadi. Undagi barcha ishlar xayriya fondlari hisobiga moliyalashtirilmoqda.

Mazkur loyiha bo‘yicha qariyb 5 gektar maydonda yangi zamonaviy majmua qurilish ko‘zda tutilgan. 10 ming namozxonga mo‘ljallangan masjid, to‘rtta minora, ayvonlar barpo etilyapti. Unda qad rostlagan 4 ta minoraning balandligi 75 metr, masjid gumbazining balandligi 35 metrni tashkil etadi. Shuningdek, majmua yonida mehmonxonalar, avtoturargoh, avtobekat, oshxonalar, savdo rastalari, tahoratxonalar ham quriladi.

bugungi kunga kelib, majmuada temir-beton monolit bo‘yicha asosiy beton ishlari yakunlandi. Metall konstruksiyalarni o‘rnatish ham yakuniy bosqichda. Hozir alohida ishlar boshlandi. Masalan, majmua fasadining bir qismi yunon oq marmari bilan qoplanganini ko‘rishingiz mumkin. Uning ichki qismi portugal marmari bilan qoplanishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, Hindiston, Xitoydan materiallar olib kelinadi, masalan, masjidga o‘rnatiladigan katta dekorativ qandillar Avstriyadan keltiriladi. Muhandislik tizimlari asosan Germaniya, Avstriya, Fransiyadan keltirish mo‘ljallanmoqda.

Loyihaning asosiy chizmasini mahalliy arxitektor Abduqahhor Turdiyev amalga oshirgan. A.Turdiyev nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosdagi arxitektordir. Xabaringiz bo‘lsa, Checheniston Respublikasining Shali shahrida masjid qurilgan. Mazkur masjidning bosh arxitektori ham Abduqahhor Turdiyevdir. E’tibor qaratilsa, dizayn juda o‘xshash, ayniqsa, gumbaz ko‘rinishi an’anaviy o‘zbek shaklida bo‘lib, u turk gumbazlaridan farq qiladi.

Ayni chog‘da bu yerda ishlar juda qizg‘in ketyapti. Unda alohida bajariladigan ishlar, jumladan, hunarmandlarning qo‘l ishlarini inobatga olib, majmuadagi barcha jarayonlar kelgusi 2024 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi