Angliyaning Liverpul shahridagi “Bank Arena” majmuasida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionati o‘zbek charm qo‘lqop ustalari uchun omadli davom etmoqda.
Dunyo birinchiligining navbatdagi kunida terma jamoamizning besh nafar vakili ringga ko‘tarildi. Ular orasida vazni -55 kg. bo‘lgan Mirazizbek Mirzaxalilov hindistonlik Pavan Bartvalga qarshi o‘tgan jangda 5:0 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev -65 kg. vazn toifasida xitoylik Jianxao Juga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
Shuningdek, iqtidorli bokschimiz Javohir Ummataliyev -80 kg.da Polsha vakili Nikodem Kozakdan har tomonlama ustun ekanini isbotladi.

Qizlar o‘rtasida -70 kg. vaznda mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan Aziza Zokirova vengriyalik Regina Lakosni uchinchi raundda texnik nokautga uchratdi. Shuningdek, -57 kilogramm vazn toifasida Xumorabonu Mamajonova chernogoriyalik Boyana Goykovichni 5:0 hisobida yengdi.
Bugun, 8 sentyabr kuni O‘zbekiston terma jamoasining 7 nafar vakili navbatdagi janglarini o‘tkazadi. Quyida bokschilarimizning raqiblari bilan tanishasiz:
-54 kg: Nigina O‘ktamova – Xanna Lakotar (Vengriya)
-65: Navbahor Hamidova – Oshin Deriyuv (Belgiya)
-60: Abdumalik Xalakov – Juzeppe Kanoniko(Italiya)
-70 kg: Shavkatjon Boltayev – Frank Martinez (Ispaniya)
-75 kg: Fazliddin Erkinboyev – Sulton Usmonali (Turkiya)
-90: To‘rabek Habibullayev – Vagkan Nanitzanian(Gretsiya)
+90: Jahongir Zokirov – Nikita Putilov (Germaniya)
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA